Ayni paytda Prezident raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo`jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yig`ilish bo`lib o`tmoqda.
Yig`ilishda o`zboshimchalik bilan va noqonuniy qurilgan ob`ektlarni tartibga olish bo`yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Bunda, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi va “O`zbekkosmos” boshchiligida respublika komissiyasi tuziladi.
Komissiya muntazam ravishda hududlarning aero va kosmik suratlarini olib, tahlil qiladi va oldingi suratlar bilan tafovutlarni aniqlaydi va noqonuniy qurilishlar ro`yxatini shakllantiradi.
Qurilish vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga joriy yilda 170 ta, kelasi yilda esa kamida 300 ta shahar va shaharchaning bosh rejasini ishlab chiqishga topshiriq berildi.
Shuningdek, har bir ishlab chiqilgan rejani aholi bilan muhokama qilish va ijrosi bo`yicha jamoatchilik nazoratini o`rnatish muhimligi ta`kidlandi.
Buning uchun “Mening hududim” platformasi ishga tushirilib, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o`rganish va ovoz berish mexanizmini joriy qilish topshirildi.
O`tgan yili hududlarda 2 mingta ko`p qavatli uy-joy qurib, aholiga topshirish bo`yicha olingan reja to`liq bajarilmay qolgani, ya`ni 124 ta uy-joy qurilishi yakunlanmagani, qurilgan uylardan 450 tasi haligacha foydalanishga topshirilmagani qayd etildi.
Bundan tashqari, uy-joyga talab yuqori bo`lsa-da 2023 yilda 16 ta tumanda birorta ko`p qavatli uy-joy qurilmagan, tuman hokimlari reja ham qilmagani tanqid qilindi.
Bosh vazirga ushbu Nukus, Qorovulbozor, Navbahor, Kosonsoy, Nurobod, Oltinsoy, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon, Oqoltin, Sayxunobod, Mirzaobod, Xovos, Piskent, Qo`shtepa, Bog`dod tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko`rib chiqish topshirildi.






