Prezident yig`ilishda Toshkent shahrida tirbandlik katta muammoga aylanib borayotgani qayd etildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ayrim ko`chalarda ish kunlari o`rtacha 7-9 ballik, ba`zan 10 ballik tirbandliklar kuzatilmoqda, ba`zilariga 2 karra ko`p yuklama tushmoqda.
Oqibatda kunning tig`iz paytida manzilga borish uchun 2 barobar ko`p vaqt sarflanmoqda.
Bosh vazir o`rinbosari A.Ramatov, Transport vazirligi, Toshkent shahar hokimligiga tizimli yondashgan holda tirbandliklar muammosi bo`yicha takliflarni shakllantirish va Prezidentga taqdimot qilish topshirildi.
"Shaharsozlik va yo`l harakatiga mas`ul barcha bo`g`indagi rahbarlar "Shahar – piyodalar uchun” degan shiorni o`zining asosiy tamoyili qilib olishi shart.
Bunda, jamoat transportiga har tomonlama ustunlik berilishi, avtomobillar esa hashamatga aylanishi kerak", - dedi Prezident.
Bundan tashqari, poytaxtdagi drenaj tizimi yog`ingarchilik davrida aholi e`tiroziga sabab bo`lmoqda.
Shu munosabat shahar hokimligi oldiga drenaj tizimidagi eng muammoli nuqtalarda qurilish ishlarini yakunlash hamda 1 sentyabrga qadar poytaxt drenaj tizimi master-rejasini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.
O`tgan yilda temir yo`lda vagonlar parkini yangilash va yuk tashish hajmini oshirish bo`yicha sezilarli natijaga erishilmagani ko`rsatib o`tildi.
“O`zbekiston temir yo`llari”ga vagon ishlab chiqarishni modernizasiya qilishga ajratilgan mablag`lardan unumli foydalanib, 1,5 mingta yuk va yo`lovchi vagonlari ishlab chiqarishi zarurligi ko`rsatib o`tildi.
“Qo`qon”, “Samarqand”, “Toshkent” vokzallari, “Andijon” va “Urganch” aeroportlari boshqaruvini xususiy sektorga berish masalasini o`rganish topshirildi. Shahrisabz, Sariosiyo va Qo`qon aerodromlarida ta`mirlash ishlarini yakunlab, mahalliy aviatashuvlarni yo`lga qo`yish vazifasi qo`yildi.
29.01.2024 14:27
“Qo`qon”, “Samarqand”, “Toshkent” vokzallari, “Andijon” va “Urganch” aeroportlari boshqaruvini xususiy sektorga berish masalasini o`rganish topshirildi






