Prezident Shavkat Mirziyoev 1 fevral kuni metallurgiya korxonalarini rivojlantirish chora-tadbirlari bo`yicha taqdimot bilan tanishdi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, O`zbekiston metallurgiya kombinati hamda “Navoiyuran” davlat korxonasi mamlakatimiz iqtisodiyotida katta o`rin tutadi. So`nggi yillarda bu to`rtta korxonaga 7 milliard 400 million dollar investisiya kiritildi. Buning natijasida oltin ishlab chiqarish hajmi 23 foiz, mis 41 foiz, kumush 60 foizga oshdi. Navoiy kombinatida yangi konlar o`zlashtirilib, 3 ta zavod ishga tushirildi. O`zmetkombinat va Navoiyuranda ham ishlab chiqarish ko`paydi.
Umuman, o`tgan 6 yilda ushbu korxonalarning jami sanoatdagi ulushi 10 foizdan 17 foizga, byudjet tushumlarida esa 11 foizdan 25 foizga oshgan.
Ma`lumki, 2030 yilgacha mamlakatimiz iqtisodiyoti hajmini 2 barobar oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, jahonda kuchayib borayotgan raqobat yangi vazifalar qo`ymoqda. Bu sharoitda mazkur to`rtta yirik kompaniya samaradorligini oshirish dolzarb ahamiyatga ega.
Taqdimotda mutasaddilar ishlab chiqarishni yanada ko`paytirish va investisiyalar jalb etish bo`yicha rejalarini bayon qildi.
Davlatimiz rahbari xorijiy ekspertlarni jalb etib, kombinatlarni raqamli transformasiya qilish, bunda “yashil” texnologiyalarga alohida e`tibor qaratish zarurligini ta`kidladi. Investisiyalarni o`zlashtirish va yangi loyihalarni jadallashtirish bo`yicha aniq ko`rsatmalar berildi.
Ishlab chiqarishda operasion xarajatlar va energiya sarfini maqbullashtirib, tannarxni qisqartirish vazifalari qo`yildi. Shuningdek, kombinatlarda mehnat unumdorligini oshirish, rahbar va mutaxassislar faoliyatiga samaradorlik ko`rsatkichlarini (KPI) joriy qilish muhimligi qayd etildi.






