Ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari bir bolani mashinaga majburan tiqib olib ketishi aks etgan video tarqaldi.
Kecha, 1 fevral kuni tasvirdagi bolaning onasi Bolalar ombudsmaniga murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, 2023 yil 22 dekabr kuni Chilonzor tumani Chilonzor-3 mavzesida IIO xodimlari Sh.M. va A.O. lar 2011-yilda tug`ilgan K.P. da pirotexnika vositalari borligini aniqlab, bolani xizmat mashinasiga kuch ishlatib, majburan o`tqazishga uringan holda unga nisbatan qo`pol va nomaqbul munosabatda bo`lganlar.
Buning oqibatida esa bola bosh sohasidan lat egan va qattiq emosional qo`rqish holatiga tushgan.
Ichki ishlar xodimlariga nisbatan mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o`tkazilib, Sh.M. va A.O. larning harakatlarida voyaga etmagan K.P. ga nisbatan qo`pol munosabatda bo`lish hamda IIV Kasb madaniyati kodeksini buzish holatlari yuzasidan xayfsan intizomiy jazosi qo`llanilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bola manfaatlariga zid bo`lgan bu kabi harakatlariga mutlaqo yo`l qo`yib bo`lmaydi va bunga javoban qonun doirasidagi qat`iy chora ko`rilishi shart.
Hozirda Bolalar ombudsmani so`roviga ko`ra Toshkent shahar prokuraturasi mazkur holatga huquqiy baho berish masalasini o`rganmoqda.
Bu borada qo`shimcha ma`lumot beriladi.






