Joriy yil 2 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Hukumati delegasiyasi Evroosiyo hukumatlararo kengashi va raqamli forumda ishtirok etish uchun Qozog`iston Respublikasining Olmaota shahriga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Qozog`iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov raisligida ikki mamlakat hukumatlari delegasiyalarining uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Mamlakatlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari do`stlik, yaxshi qo`shnichilik hamda o`zaro hurmat ruhida jadal rivojlanayotgani, Davlatlarimiz Rahbarlari ko`p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish bo`yicha aniq vazifalarni belgilab bergani ta`kidlandi.
O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasida barcha sohada ijobiy o`sish dinamikasi kuzatilmoqda.
Xususan, o`tgan 7 yilda tovar ayirboshlash hajmi 2 barobardan ziyod oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida muhim qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Transport hamda energetika sohasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Mintaqalararo hamda madaniy-gumanitar hamkorlik yanada kengayyapti.
Uchrashuvda kun tartibidagi ushbu va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.






