Ijtimoiy tarmoqlarda Sariosiyo tumani “Karsh” mahallasidagi maktabga boruvchi yo`l bo`yicha videomurojaat tarqaldi. Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati holat bo`yicha rasmiy ma`lumot berdi.
Aniqlanishicha, “Karsh” mahallasi Sariosiyo tumani markazidan qariyb 70 km uzoqlikda, tog`li hududda joylashgan bo`lib, 487 nafar fuqaro 91 ta xonadonda istiqomat qiladi. Mahalladagi 80 o`rinli maktab 2018 yilda qurilgan va hozirda barcha zarur sharoitlar bilan ta`minlangan. 2022-2023 yillar davomida mahallaga transport borishi uchun 11 km uzunlikdagi tog`li hudud orqali yangi yo`l ochilgan. Mahallaning 5 km ichki yo`llari toshlanib, ta`mirlangan. Shunga qaramay videodagi ichki yo`lda noqonuniy qurilmalar sababli ta`mirlash ishlari bajarilmay qolib ketgan.
"Yo`llar, mahallalardagi infratuzilmani rivojlantirish avvalo aholi farovonligini yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan bo`lib, bolalarning sifatli ta`lim olishi hamda xavfsiz va qulay yo`llardan maktabga borishlarini ta`minlash bizning vazifamiz",–deyiladi xabarda.
Qo`shimcha qilinishicha, “Karsh” mahallasiga boruvchi yo`l to`liq qor bilan qoplanganligi sababli transportning hududga borish imkoniyati yo`q. Viloyat hokimining ko`rsatmasi bilan “Karsh” mahallasidagi maktabga boruvchi ichki yo`lni ta`mirlash bo`yicha tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan chora-tadbirlar ishlab chiqilayotgan bo`lib, yo`ldagi qor qoplami erigach, ta`mirlash ishlari boshlanadi. Bu borada amalga oshirilgan ishlar xususida jamoatchilikka qo`shimcha axborot beriladi.






