Ma`lum qilinishicha, 1993 yilda tug`ilgan fuqaro M.A. (erkak) V.A. (ayol) ning tanasiga qadalib turish orqali, uning uchun nomaqbul bo`lgan hamda uning sha`ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan shahvoniy shilqimlik qilgan.
Ushbu holat joriy yil 20 yanvar kuni soat taxminan 16:00 atrofida "Chilonzor" yo`nalishining “Buyuk Ipak Yo`li” bekati elektropoezd vagoni ichida sodir bo`lgan.
Mazkur voqea yuzasidan sud ishi joriy yilning 31 yanvar kuni JIB Mirzo Ulug`bek tuman sudida yopiq sud majlisi o`tkazildi.
Sud majlisida M.A. yuqorida ko`rsatib o`tilgan holatdagi huquqbuzarlik harakatiga iqrorlik bildirmagan.
Uning ta`kidlashicha, u ish qidirib Chilonzor bekatiga ketadigan elektropoezdga chiqqan. Elektropoezd ichida odamlar ko`p bo`lganligi sababli V.A. orqaga ketib qolganligini, u esa yiqilib tushmasligi uchun uning elka qismidan ushlab qolganligini aytib, ko`rsatuv bergan.
Biroq, sud davomida V.A. bu fikrlarni butunlay inkor qilgan.
Unga ko`ra, M.A. dastlab elektropoezdga chiqqan vaqtida bir marotaba unga qadalib turgan, lekin u ushbu harakatlarni atayin sodir qilmayapti deb o`ylab, ahamiyat bermagan.
Buyuk ipak yo`li bekatiga kelishganida M.A. tushib ketmasdan uni elektropoezd ichida hamma tushib ketganiga qaramasdan, kutib o`tirgan va orqasidan kelgan.
Sud majlisida V.A. ushbu harakatlar sababli M.A.ga nisbatan og`ir jazo tayinlashni so`rab ko`rsatuv bergan.
To`plangan materiallarda mavjud bo`lgan boshqa dalillar bilan ushbu holat to`liq tasdiqlangan deb hisoblandi.
Sud xulosasiga ko`ra, M.A. MJTKning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga 5 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Jazo o`talganidan so`ng huquqbuzardan Toshkent shahar IIBB Ma`muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qamoqxonasi foydasiga saqlash bilan bog`liq bo`lgan xarajatlar uchun ma`muriy qamoqning har bir sutkasi uchun BHMning 15 foizi miqdorida undirilishi belgilandi.






