Prezident Shavkat Mirziyoev meva-sabzavotchilik va oziq-ovqat tarmog`ini rivojlantirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.
2023 yilda mamlakatda qishloq xo`jaligi 4,1 foiz o`sgan. Bu sohadagi eksport qariyb 2 milliard dollarni tashkil etgan. Lekin mavjud salohiyat bundan ancha yuqori.
Shu bois davlat rahbari 18 yanvar kuni eksport va sanoat masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida meva-sabzavotchilikka doir vazifalarni ham ko`rsatib o`tgan edi. Xususan, O`simliklar karantini va himoyasi agentligiga yangi salohiyatli bozorlar topish, eksportbop mahsulotlar ekilishini tashkillashtirish bo`yicha ham mas`uliyat belgilandi.
Agentlik tomonidan o`simliklarni zararli unsurlardan himoya qilish, fitosanitar toza mahsulotlar etishtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash bo`yicha tizimli ishlar qilinmoqda.
Jumladan, hududlardagi stasionar va mobil laboratoriyalar orqali 1 million 40 ming gektar erning tuproq tahlili o`tkazilib, mineral o`g`itlarni qo`llash me`yori ilmiy asosda belgilab berildi. Sohada 7 ta yangi axborot tizimi joriy qilinib, 40 ta yo`nalish raqamlashtirildi.
Xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining 20 million dollarga yaqin grant mablag`lari jalb etilib, laboratoriya va uskunalar yangilandi. Dala va bog`larga kimyoviy ishlov berish, import va eksport mahsulotlarini ekspertizadan o`tkazish izchil davom ettirilmoqda.
Bunday chora-tadbirlar meva-sabzavotlar sifati va xavfsizligida muhim omil bo`lmoqda. So`nggi yillarda 80 ta davlatga qishloq xo`jaligi mahsulotlari eksporti uchun 620 ta fitosanitar ruxsatlar olindi, ular bilan elektron ma`lumotlar almashinuvi yo`lga qo`yildi. “GSP+” tizimi doirasida 200 ming gektar maydon xalqaro talablarga moslashtirildi.
Yig`ilishda joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo`lgan vazifalar muhokama qilindi.
Mutasaddilar sohadagi ishlar ko`lamini kengaytirib, bu yil qishloq xo`jaligi mahsulotlari eksportini 3,5 milliard dollarga etkazish mumkinligini aytdi.
Buning uchun, avvalo, meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, uzum va dukkakli mahsulotlar etishtirish ko`paytiriladi. Hududlarda yana 20 ta mobil laboratoriya tashkil etilib, “uzagrolab.uz” elektron platformasiga integrasiya qilinadi. Pestisidlar muomalasidagi barcha jarayonlar raqamlashtirilib, sifatsiz pestitsidlarning yurtimizga olib kelinishi va noqonuniy savdosiga barham beriladi.
6 mingta bog`, 3 mingdan ziyod tokzor va dala maydonlari, 344 ta qadoqlash korxonasi xorijiy fitosanitariya talablariga muvofiqlashtiriladi. Yuqori samarali entomofaglar olib kelinib, zararkunanda hasharotlarga qarshi yangi turdagi biologik kurash yo`lga qo`yiladi.
Xalqaro hamkorlikni kuchaytirish orqali eksport hajmlari nisbatan qimmat bozorlarga yo`naltiriladi. Shuningdek, yana 8 ta davlatga fitosanitar ruxsat olinadi. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan xalqaro ko`rgazmalarda eksportchi korxonalarimiz ishtiroki kengaytirilib, aniq buyurtmalar shakllantiriladi. Farg`ona, Samarqand va Toshkent xalqaro aeroportlari hududida meva-sabzavot mahsulotlarni eksport qilishga qaratilgan zamonaviy infratuzilmalar tashkil etiladi.
Xorij tajribasi asosida o`simliklar himoyasi xodimlarining malakasi oshiriladi. Xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda har bir mahsulotni etishtirish, saqlash, qadoqlash va etkazib berish bo`yicha qo`llanma ishlab chiqiladi.
Davlat rahbari oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, eksportbop mahsulotlar etishtirish bo`yicha qo`shimcha topshiriqlar berdi.






