O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Umumiy o`rta ta`lim muassasalari o`quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o`qitish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori e`lon qilindi.
Unga ko`ra, 2024-2025 o`quv yilidan boshlab:
- umumiy o`rta ta`lim muassasalarining 10–11-sinflarida tajriba-sinov tariqasida o`quvchilarning tanlovidan kelib chiqib “Fanlarni chuqurlashtirib o`qitish” yoki “Biznes va kasb-hunar” yo`nalishlari bo`yicha ham o`quv jarayoni bosqichma-bosqich tashkil etiladi (tayanch o`quv reja asosida o`qitish bilan bir qatorda);
- Umumiy o`rta ta`lim muassasalarida xorijiy tillarni o`qitishning quyidagi tartibi joriy etiladi, unga muvofiq:
- 5–9-sinflarda xorijiy tilga o`qitish intensivligini oshirish orqali o`quvchilarda bazaviy bilim va nutqiy ko`nikmalar shakllantiriladi;
- 10–11-sinflarda xorijiy tilni o`qitishda asosiy e`tibor o`quvchilarning akademik yozuv va gapirish ko`nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi;
- “Fanlarni chuqurlashtirib o`qitish” yo`nalishi doirasida xorijiy til fanini tanlagan o`quvchilar 10–11-sinflarda ikkinchi xorijiy tilga o`qitiladi;
- xorijiy til yo`nalishida pedagoglar tayyorlaydigan davlat oliy ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga bir vaqtning o`zida ham o`qish, ham pedagogik faoliyatni amalga oshirish imkonini beruvchi moslashuvchan dars jadvali joriy qilinadi.
2024 yil 1 mayga qadar 11 sinfda ikkinchi xorijiy tilning kamida A2 darajada o`zlashtirilishini nazarda tutuvchi xorijiy til fani bo`yicha o`quv reja va dasturlar takomillashtiriladi.
2024 yil yakuniga qadar umumiy o`rta ta`lim muassasalariga xitoy, nemis, fransuz, koreys, ingliz va yapon tillari bo`yicha malakali mutaxassislar jalb qilinadi.