Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi tomonidan 3-fevral — Xalqaro qushlarni oziqlantirish kuniga bag`ishlab “Qishda qushlarga ko`mak” aksiyasi o`tkazildi. Toshkent Botanika bog`idagi tadbirda 200 ga yaqin yosh ekofaollar, volontyorlar qatnashdi.
“Ekologiya vazirligi tomonidan har yili qishning sovuq kunlarida hayvonlarni, jumladan, qushlarni sovuqdan asrash, bioxilma-xillikni saqlab qolish maqsadida respublikamizdagi barcha muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda biotexnik tadbirlar o`tkaziladi. Bu yil ham muhofaza hududlaridagi qushlar, hayvonlar ko`p to`planadigan joylarga em, don, xashak kabi ozuqa vositalari qo`yib chiqildi, — dedi Ekologiya vazirligining bioxilma-xillik siyosati bo`limi boshlig`i Abdurashid Sadikov. —Bugungi aksiyamiz ham biotexnik tadbirlarning davomi hisoblanadi. Maqsadimiz nafaqat qushlarni asrab qolish, balki, kelajak avlodda, yoshlarda qushlarga, hayvonlarga nisbatan mehr-muhabbat tuyg`usini, ularni saqlab qolishga daxldorlik hissini shakllantirishdir”.
Aksiya davomida ishtirokchilar bog`dagi daraxtlarga qush inlarini o`rnatib, unga ozuqalarni qo`yib chiqishdi. Shuningdek, bog`ning turli hududlariga ham ozuqalar tarqatildi.
“Bu aksiya nafaqat Toshkent, balki, respublikamizning boshqa hududlarida o`tkazildi. — dedi Ekologiya vazirligi Volontyorlar va ekofaollar bilan ishlash bo`limi boshlig`i Zarrina Abdullaeva. — Ko`ngillar, ekofaollar tomonidan qushlar ko`p to`planadigan joylarga ozuqa mahsulotlari qo`yib chiqildi. Nafaqat qushlar, balki, barcha tirik jonzotlarni asrab qolishga qaratilgan tadbirlarimiz keyingi yillarda ham davom ettiramiz”.
Ma`lumot uchun, bugungi kunda yurtimizda jami 487 turdagi qushlar mavjud. Bulardan 52 turdagi qushlar Qizil kitobga kiritilgan, ya`ni noyob qushlar hisoblanadi. Uchrash xususiyatiga ko`ra, qushlarning 86 turi o`troq, 122 turi uyalovchi, uchib o`tuvchi, 63 turi faqat uchib o`tuvchi, 80 turi uchib o`tuvchi, qishlovchi, 16 turi qishlovchi, 54 turi uyalovchi, uchib o`tuvchi va qishlovchi, 55 turi tasodifan uchib keluvchi (kamdan-kam holda uchrovchi) qushlar hisoblanadi. Umumlashtirib aytganda, yurtimizda uchrovchi qushlarning 320 turi migrasiyada ishtirok etadi.
Xalqaro qushlarni oziqlantirish kunining tarixi 1890–1891-yillarga borib taqaladi. O`sha yillari Evropadan qish juda sovuq keladi, Sena va Temza daryolari muzlaydi. Angliya nashrlarida esa odamlardan qushlarni boqib olish, parvarishlash so`ralgan e`lonlar chop etiladi. Bora-bora Angliyada har yili qish faslida qushlarni oziqlantirish odat tusiga kiradi. Ko`p o`tmay qushlarni boqish butun dunyoda an`anaga aylanadi. 1984-yilda Xalqaro qushlarni oziqlantirish oyligi bo`lib o`tadi va 1994-yilda 3-fevral Xalqaro qushlarni oziqlantirish kuni deb e`lon qilinadi.