So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Umra amalini bajarish uchun Makka va Madina shaharlariga kelgan va Vatanimizga qaytish bilan bog`liq muayyan qiyinchiliklarga duch kelgan o`zbekistonlik ziyoratchilar haqida ma`lumotlar tarqalmoqda.
O`zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi axboroti e`lon qildi.
Unga ko`ra, safarlar xususiy sayyohlik kompaniyalari tomonidan tashkil etildi. Mazkur holat aviaqatnovlarni amalga oshirishdagi texnik nosozliklar, shuningdek, turistik kompaniyalarning bu kabi safarlarni tashkil etishda zaruriy malaka va tajribaga ega emasligi tufayli yuzaga kelgan.
Hozirda O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda yurtdoshlarimizni qaytarish bo`yicha barcha choralar ko`rilmoqda, qo`shimcha reyslar jadvali tuzildi.
2024 yil 4 fevral holatiga ko`ra, ziyoratchilarning bir qismi O`zbekistonga qaytarildi, qolgan fuqarolarimiz ham yaqin fursatlarda O`zbekistonga qaytarib yuboriladi.
“O`zbekistonning Ar-Riyozdagi Elchixonasi va Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi vaziyatni o`z nazoratiga olgan va doimiy ravishda monitoring olib bormoqda hamda yurtdoshlarimizga zarur konsullik, huquqiy va boshqa yordamlarni ko`rsatmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqarolarimizdan xotirjamlikni saqlashga va Saudiya Arabistonidagi amaldagi qoidalarga rioya qilishlariga chaqiramiz”, deyiladi xabarda.






