Avval xabar berganimizdek, ayni vaqtda Shavkat Mirziyoev raisligida ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tmoqda.
Yig`ilishda ma`lum qilinishicha, joriy yilda maktablar va maktab ta`limiga 46 trillion so`mdan ziyod mablag` ajratish rejalashtirilgan.
Prezidentning ma`lum qilishicha, matematika, o`qish va tabiiy fanlar bo`yicha o`tkazilgan 2022 yilgi PISA xalqaro dasturi natijalari sohada qilinadigan ishlar hali ko`pligini aniq ko`rsatgan. 500 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy qilinib, haqiqiy bilim qay darajada ekani aniqlandi.
Hozirda 1-11-sinflarda xorijiy tilga ajratilgan 984 soat doirasida o`quvchilarni yarmi ham “B1” darajaga ega bo`la olmayapti.
Shuningdek, davlat rahbariga ko`ra, ayrim hududlardagi malaka oshirish markazlarining faoliyati ko`rinmayapti.
Yig`ilishda maktab ta`limidagi islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi.
O`tgan yili Respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etildi. Shu bilan birga, o`tgan hafta Loyiha ofisi tashkil qilindi va katta ilmiy-amaliy tajribasi bor va salohiyatli kadrlar jamlandi.
Markaz va ofisga Maktabgacha va maktab ta`limi, Oliy ta`lim vazirliklari bilan birgalikda:
• maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya va xorijiy tillar bo`yicha o`quv reja va dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash;
• o`quvchilar bilimi, tahliliy, tanqidiy va kreativ fikrlashi, muammolarga echim topib, amaliyotda qo`llay olish ko`nikmalarini shakllantirishga qaratilgan o`quv metodikalarini ishlab chiqish topshirildi.
Bunda, tan olingan xorijiy dasturlar (A-level, IB kabi), o`quvchi va muallimlar bilimini baholashda xalqaro tajribalar (PISA, TIMSS, PIRLS) bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Joriy yilda Prezident maktablari ta`lim dasturi yana 1 mingta maktabda boshlanadi. Hokimlar ularni moddiy-texnik bazasini yaxshilashga mas`ul bo`ladi.






