Shavkat Mirziyoev 5 fevral kungi yig`ilishda farmasevtika sohasini tanqid qildi.
Aytilishicha, O`zbekistonda farmasevtika bozori hajmi 2 milliard dollarga etdi. Lekin, bu bozorda mahalliy mahsulotlar ulushi fizik hajmda 40-45 foiz bo`lsa-da, pul qiymatida 20 foizdan oshmaydi.
“Oddiy qilib aytganda, o`zimizda ishlab chiqarish bint, spirt, shpris, analgin va sitramondan nariga o`tmayapti. Dorilar yashirin aylanmasi bo`yicha etarli choralar ko`rilmayapti”, — dedi prezident.
Dori vositalaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish ishlari sustligi ko`rsatib o`tildi.
“Ayniqsa, antibiotik qabul qilish ustidan nazorat umuman yo`q. Protokollarga amal qilmasdan, pul ishlash uchun farmkompaniyalar foydasiga resept yozilyapti. Bundan xalqimizni sog`lig`i ham, cho`ntagi ham zarar ko`ryapti”, — dedi prezident.






