Prezident raisligida ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazildi. Yig`ilishda kasalga aniq tashxis qo`yish va davolashda vrachlarning aksariyatida texnologik karta mavjud emasligi, ayrim protokollar esa eskirgani ko`rsatib o`tildi. Poliklinika va shifoxonalarda xalq tabobati xonalari va fitobarlar tashkil qilish o`z holiga tashlab qo`yilgan.
Shu munosabat bilan Sog`liqni saqlash vazirligi va uning Loyiha ofisiga xorijiy ekspertlarni jalb qilib, 300 ta klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish topshirildi.
Oilaviy shifokorlarga kasalligi engil bo`lgan bemorlarni dori bilan emas, immunitetni ko`taradigan tabiiy vositalar, jismoniy mashq va fitoterapiya bilan davolashni o`rgatish muhimligi ta`kidlandi.
Uch yil avval onkologik bemorlarni kimyo va target terapiyasi uchun 29 turdagi preparat bilan ta`minlash yo`lga qo`yilgan edi. Lekin, bu dorilar ayrim hollarda joylarga o`z vaqtida, to`liq etkazib berilmayotgani ko`rsatib o`tildi. Vaholanki, byudjetdan etarli mablag` ajratilmoqda.
Oqibatda ba`zi bemorlar ularni dorixonadan 10 barobar qimmat sotib olishga majbur.
“Mana – farmasevtikadagi o`yinlar! Bu faqat onkologiyada. Endokrinologiya, kardiologiya, shoshilinch xizmatda ham bunday faktlar etarli”, dedi davlat rahbari.
Bosh prokuraturaga onkologik preparat ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar, dorixonalar, qo`lda sotuvchilarni, umuman barcha ishtirokchilarni tartibga keltirish, joylarga etib bormagan 17 turdagi preparat bo`yicha o`rganish o`tkazib, jazo muqarrarligini ta`minlash topshirildi.
Sog`liqni saqlash vazirligi oldiga oylab omborlarda turgan, ruxsati haligacha chiqmagan dorilarni xatlov qilib, bu masalada tartib o`rnatish, davlat xaridlari orqali olingan dorilarni “buyurtmachi – xaridor – etkazib beruvchi – bemor” zanjiri asosida shaffof marshrut tizimini yaratish vazifasi qyildi






