AsosiyJamiyat

33 ta funksiya va vakolatlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o`tkazilmoqda

'33 ta funksiya va vakolatlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o`tkazilmoqda'ning rasmi

“Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni (PF–28-son, 02.02.2024 y.) qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko`ra, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida 33 ta funksiya va vakolatlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o`tkazildi.

Masalan, davlat bog`cha va maktablarini tashkil etish, atmosfera havosiga ta`sir etuvchi korxonalarni qurish joylarini, chiqindilar ko`mib tashlanadigan joylarni belgilash, yo`lovchi va yuk tashish tariflari, jumladan fuqarolarning alohida toifalari uchun imtiyozli tariflar, tabiiy ob`ektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi ob`ektlariga nom berish va boshqalar.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining davlat organlarining hisobot (axborot)larini eshitishga doir ayrim vakolat va funksiyalari 10 taga birlashtirilgan holda tizimlashtirildi.  

Masalan, hokimlar va ular o`rinbosarlarining 7 turdagi (dasturlar ijrosi; kichik biznes, tadbirkorlik, aholi bandligi; kreditlar ajratish; hokim yordamchilari axborotlarini eshitish yakunlariga oid) hisobotlarini eshitish – hokimlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi bo`yicha hisobotlarini eshitish doirasida ko`rib chiqiladi.

Farmonga muvofiq, mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanadi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yo`l qo`yilmaydi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda vazifalarni mahalliy vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari o`rtasida aniq belgilash amaliyoti joriy etiladi.

Normativ-huquqiy hujjatlarda mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan, mahalliy Kengashlarning qonunchilikda belgilangan vakolatlariga xos bo`lmagan vazifalar ijrosi bo`yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mas`ul hisoblanadi.

Farmon bilan 2024 yil 1 oktyabrgacha O`zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.  

 

    Boshqa yangiliklar