Ijtimoiy tarmoqlarda “O`zbekiston temir yo`llari“ AJ tarkibidagi Markaziy klinik shifoxona yopilayotganligi, hozir davolanayotgan bemorlar o`z hisobidan shprits va dori-darmonlarni sotib olayotganligi haqida ma`lumot tarqaldi.
Holat yuzasidan “O`zbekiston temir yo`llari” AJ matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga qiruvchi barcha tibbiyot muassasalari, xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi temir yo`l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan “Temir yo`l ijtimoiy xizmatlar”ga tegishli, mamlakatimizda temiryo`lchilar va aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish davom etmoqda.
Xususan, hozirgi kunda Markaziy klinik shifoxonada Qabulxona, Reanimasiya va intensiv terapiya, Asab kasalliklari, Yurak kasalliklari, Ko`z kasalliklari, Quloq, tomoq, burun kasalliklari, Ichki kasalliklari, Me`da ichak kasalliklari va Jarrohlik bo`limlari, Funsional diagnostika, Fizioterapiya va boshqalar faoliyat ko`rsatmoqda. Bugungi kunga qadar 234 bemor davolanmoqda, ulardan 139 nafari temir yo`l ishchilari, 95 nafari pullik asosda davolanmoqda.
Bemorlarga dori-darmonlar talabnomaga muvofiq belgilangan dorilar formulyariga asosan shifokor ko`rsatmasiga binoan bepul berilib kelinmoqda.
Davolanayotgan bemorlar bilan suhbat o`tkazilganda shifokorlar tomonidan malakali tibbiy ko`rsatilayotganligi, zarur dori-darmonlarning mavjudligi, bemorxonalar ozodaligi va tibbiy xodimlarning xushmuomalaligini ta`kidlagan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Markaziy klinik shifoxonaning yopilayotganligi to`g`risidagi ma`lumotlar asossizligini ma`lum qilamiz”, - deyiladi xabarda.






