Ijtimoiy tarmoqda Karmana tumanidagi mahallalardan birida "Sharmanda taxtasi" ilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan munosabat bildirgan Inson huquqlari bo`yicha vakili(ombudsman)ga ko`ra, O`zbekiston Konstitusiyasining 26-moddasida insonning sha`ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo`lishi mumkin emasligi, hech kim qiynoqqa solinishi, zo`ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi qat`iy belgilangan.
Qolaversa, JKning 7-moddasiga ko`ra, jazo va boshqa huquqiy ta`sir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko`zlamaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) mahallalardagi e`lon taxtalariga aybdor deb topilgan shaxsning fotosurati va u haqidagi ma`lumotlar joylashtirish amaliyotini inson huquqlariga zid deb hisobladi.