Shavkat Mirziyoev 7 fevral kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev bilan telefon orqali muloqotda ushbu mamlakat Prezidentligiga navbatdan tashqari saylov muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Saylovchilar ishtiroki va faolligi yuqori darajada bo`lganini qayd etib, davlatimiz rahbari qardosh ozarbayjon xalqi davlat kelajagi, kuchli va gullab-yashnagan Ozarbayjon uchun ovoz berib, to`g`ri qaror qabul qilganiga ishonch bildirdi.
Suhbatda O`zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni to`liq amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik ijobiy sur`atda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O`tgan yil yakunlariga ko`ra tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi. Qo`shma Investisiya kompaniyasi o`z ishini boshladi, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to`qimachilik, qishloq xo`jaligi, turizm va boshqa tarmoqlardagi kooperasiya loyihalari faol amalga oshirilmoqda.
Xalqaro tuzilmalar, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bo`lajak tadbirlar rejasi ko`rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoev Ilhom Aliev mamlakat Prezidentligiga saylov muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan tabrikladi






