Axborot texnologiyalari yo`nalishida yutuqlarga erishgan xotin-qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Prezident farmoni (PF-34-son, 07.02.2024 y.) bilan “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta`sis etish bo`yicha takliflarni qo`llab-quvvatlash to`g`risida”gi Farmonga o`zgartirish kiritildi.
Unga ko`ra, endilikda axborot texnologiyalari yo`nalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli xotin-qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi Oila va xotin-qizlar qo`mitasi huzurida jamoatchilik asosida faoliyat ko`rsatishi hamda unga Bosh vazir o`rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo`mitasi raisi rahbarlik qilishi belgilandi.
Bundan tashqari, mukofotini olish uchun talabgorning so`nggi 3 yil mobaynidagi ibratli faoliyati, ta`lim, fan, adabiyot, madaniyat, san`at, sport, axborot texnologiyalari sohalari va jamoatchilik faoliyatidagi alohida yutuqlariga oid hujjatlar taqdim etilishi belgilandi. (Ilgari 2 yil edi)






