AsosiyJamiyat

Namanganda sud raisi va doktorant ushlandi

'Namanganda sud raisi va doktorant ushlandi'ning rasmi

DXX matbuot xizmati "darakchi.uz"ga aniqlangan jinoiy holatlar haqida xabar qildi.

Namangan tumanida chorvachilik faoliyati bilan shug`ullanuvchi mas`uliyati cheklangan jamiyatga zamonaviy chorva kompleksi binosini qurish va mavjudlarini ta`mirlash maqsadida, aksiyadorlik tijorat «Xalq banki»ning viloyat filiali tomonidan ajratilgan 5 mlrd. 287 mln. 500 ming so`m miqdoridagi kredit mablag`larini noqonuniy o`zlashtirish va rasmiy hujjatlarni kalbakilashtirish holatlari bo`yicha Jinoyat Kodeksining 167 va 228-moddalari bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishini sud muhokamasida ko`rib chiqish jarayonida Mingbuloq tuman sudi raisi sudlanuvchiga nisbatan engilroq jazo tayinlash evaziga, uning otasidan 20 ming AQSh dollari talab qilgan. 

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Namangan shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda jinoyat ishlari bo`yicha Mingbuloq tuman sudi raisi so`ralgan pul mablag`idan 2 ming AQSh dollarini o`zining boshqaruvida bo`lgan «Lasetti» rusumli avtomashinada olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ta`kidlash lozimki, kredit bo`yicha etkazilgan zarar tergov davomida sudlanuvchi tomonidan to`liq qoplangan bo`lgan.

Hozirda Mingbuloq tuman sudi raisi o`z xizmat mavqeidan foydalanib, juda ko`p miqdorda pora olganligi holati bo`yicha, unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan. 

Boshqa holatda esa Namangan davlat universitetining 3-bosqich doktoranti tadbirkorlik bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan Chust tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, unga mazkur tuman markazida joylashgan umumiy o`rta ta`lim maktabi balansidagi qo`shimcha 2 qavatli binoni hokimiyat tizimida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali olib berish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan Chust shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda, u so`ralgan pul mablag`idan 10 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 (firibgarlik) va 28,211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

 

    Boshqa yangiliklar