Istambul radiosi eshittirishlarini tugatdi. Shu kecha ikki hikoya bilan bir feletonni qo`ldan chiqarishim kerak, buning ustiga, allaqaysi bir jurnalning savollariga javob tuzib chiqishim zarur. Bu narsalarning hammasi ertalabgacha bitishi shart. Ammo ishning mazasi bo`lmay turibdi — faqat bittagina hikoyani yozoldim, xolos. Shu topda ichimga chiroq yoqsa yorimaydi.
Hikoyaning yana bittasini ham do`ndirib tashlayman degan niyatda bir dasta oq qog`oz ham tayyorlab qo`yganman. Lekin nimani yozishimni bilmay xunobman.
Qornim tatalab ketganday bo`ldi. Qiziq, nimani yozishni bilmay turganimda, doim shunaqa bo`ladi. O`zimni chalg`itish uchun bahona qidirib qolaman. Yuqori chiqib qarasam, hamma dong qotib yotibdi. Oshxonaga kirdim. Sovib qolgan palovdan boshqa hech vaqo ko`rinmadi. Shu topda menga uni kim ham isitib berardi, deysiz.
Qaytib joyimga o`tirdim. «Yaxshisi uxlash kerak! Ertalab barvaqtroqtursam, hammasini bitirib qo`yaman!» deb o`zimcha o`yladim.
Vaqt chorak kam uch bo`libdi.
Odam bolasi uyquda ham yashaydi. Lekin bunaqa yashashning nima keragi bor! Yashaganingdan keyin tirik ekaningni sezib, turmush sirlarini bilib yashasang-da.
Qamoqxonada yotib chiqqan bir oshnam bor. Shu oshnam o`zini xohlagan vaqtda tush ko`rishga o`rgatibdi. U hamisha menga: «Tush ko`rsang, umring uzayadi», — deb yurardi.
Bugun kechasi tush ko`rib chiqishimni o`zim bilaman. Shunisi ham borki, ishing bitmay, chala qolgandan keyin, albatta asabing buziladi, ko`rgan tushing rosa dahshatli bo`lishi turgan gap.
Shularni o`ylab yotib uxlab qolibman, Aytganimdek, juda dahshatli tush ko`rdim. Yaxshiyamki… Begona mamlakatga kelib qolgan emishman. Qanday mamlakatligini bilmasmishmanu, lekin o`zimcha uni Amerikagami, G`arbiy Germaniyagami o`xshatarmishman. Haddan ziyod keng, serhasham bir zalda emishman… Sizlarni bilmadimu, lekin men tush ko`rayotganimni o`zim bilib turaman.
E, Oh uyga kirib qolibsanu, dedim o`zimga o`zim. Zaldagi uzun stol tevaragida odamlar g`uj bo`lib o`tirishibdi. Qaerga kelib qolganimni, bu erda o`zi nima gap bo`layotganini so`ray deymanu, tilim bormaydi. Aslida o`zim rasmiy vazifa bilan kelganman, shuning uchun xijolatpazlikdan qo`rqaman. «Kelgan joyini ham bilmas ekan!» — deb ta`na qilishlari mumkin-da, axir. Shularni o`yladim-da, so`ramay, o`zim bilib olaman deb, ahd qilib qo`ydim.
Rasmiy muzokaralar ketyapti. Mamlakatimizdan yakka o`zim vakilmishman. Zalda o`tirgan ajnabiylarning hammasi o`ziga zeb bergan, bashang, sersavlat odamlar emish.
— Xush kelibsiz! — deb ulardan biri meni qutladi. — Siz mamlakatingizdagi ahvolni gapirib berasiz.
Avvaliga qo`rqib ketdim, keyin o`zimga o`zim dalda berdim: «E, parvo qilma, nima bo`lardi, bu tush-ku». Tushlikka-ku tush-a, ammo tushligini bilib qolishsa…
— O`zim bilgan narsalarni bajonu dil gapirib beraman, — dedim dadillashib.
— Mamlakatingiz qoloq mamlakat-a, shundaymi?
Jon-ponim chiqib ketdi. Xudoyo o`zing sharmanda qilma, bunisiga nima deyman? Bordi-yu, «Ha, mamlakatimiz qoloq», — deb yuborsam, chet elliklar oldida uni yomonotliq qilib qo`yaman. Jinoyat qonunida bu og`ir gunoh hisoblanadi. «Qoloq deganingiz nimasi, biz juda ilg`ormiz» — deydigan bo`lsam, yolg`onchi bo`lib qolaman. Nima qilsamikin? Yaxshisi, yolg`on gapirib qo`ya qolay. Jinoyatchi bo`lgandan ko`ra, aldoqchi bo`lgan ma`qul, nega desangiz, yolg`on gapga jazo yo`q.
— Nega indamaysiz? — deb so`rab qolishdi.
— Aybga buyurmaysizlar, savolni eshitolmay qoldim.
— Mamlakatingiz qoloq-a, shunday emasmi?
— Bu nima deganingiz?! — dangal so`radim men ham.
— Hamma shunaqa deydi. Biz ham shunday deb eshituvdik.
— Bo`lmagan gap, muhtaram janoblar! Shuni bilib qo`yingki, bizning dushmanimiz ko`p. Sha`nimizga tuhmat qilayotganlar ham shular.
Hamma hayron, hamma yoqa ushlagan.
— Demak, biz noto`g`ri eshitgan ekanmiz-da, — dedi kimdir salmoqlab.
— Ha, shundoq.
— Sizlar nozik tabiat odamlarsiz, «qoloq» degan so`zga g`ashingiz keladi. Mayli bo`lmasa, shu so`zning o`rniga «kam taraqqiy etgan» degan iborani ola qolaylik. Ma`qulmi?
— Yo`q, bo`lmaydi. Biz kam taraqqiy etgan mamlakat emasmiz aslo, biz juda-juda taraqqiy etib ketganmiz.
Yana hamma hayratda.
— Sizlarda elektr ko`rmagan shaharlar bormi?
Yana «ha» deydigan bo`lsam mamlakatimizga dog` tushadi. Rosa arosatda qoldim-ku, men!..
— Yo`q, bo`lmagan gap!.. Hamma shaharlarimizda, hamma qishloq va qishloqchalarimizda elektr bor.
— Qoyil… Ajoyib…
— Lekin mamlakatingizda elektr quvvati uchun ko`p haq olinadi deyishadi, shu gap to`g`rimi?
— Nima, elektr quvvatini aytyapsizmi?.. Iya, bizda elektr tekin-ku!
— Ajoyib… Juda antiqa…
Chet elliklar oldida mamlakatimni sharmanda qilmayotganim uchun o`zimda yo`q xursandman. Ha, to`g`ri-da, agar gazetalar shu gaplarimni ko`chirib bosishsa bormi, qanday foydali ish qilayotganimni eshitib vatandoshlarim, albatta tasanno deyishardi.
— Sizlarda ijara haqi juda osmonda, uy-joy masalasi chatoq emish, rostmi shu? O`rta miyona odam oladigan maoshining yarmini ijara haqiga to`lamasa, boshpanasiz qolarmish-a?
Ichimda birov: «To`g`risini gapiraver, to`g`risini gapiraver», deb qistaydi. Unga men: «Holim voy bo`ladi», — deyman. U yana meni o`z holimga qo`ymaydi: «E, bu tush-ku. Tush ko`rayotganingni ular bilib o`tiribdimi, nima deganingni qayoqdan bilishardi. Loaqal tushingda to`g`ri gapirib olsang-chi». A`zoyi badanimni sovuq ter bosdi. Manglayimdagi terni sidirib tashladim-da, xaxolab kulib yubordim.
— Xa-xa-xa! Bizning mamlakat haqida shunday fikrdamiz deng! Gapning po`skallasini aytaman. Xudodan bitta-yu bitta tilagim bor, u ham bo`lsa shuki, bizni ko`rolmaganlarning ko`zi ko`r bo`lsin. Uy-joy masalasida zarracha tanqisligimiz yo`q. Bildinglarmi? Barcha madaniyatli mamlakatlardagiga o`xshab bizning odamlarimiz ham maoshining atigi o`n prosentini to`lab, ajoyib uylarda turishadi.
— Xizmatchilar-chi?
— Xizmatchilar oila a`zolarining soniga qarab ijaraga uy olishadi. Noliydigan joylari yo`q. Ijara haqi ham shunchalik ozki, kam pul to`laganing uchun uy egasidan xijolat chekasan kishi.
— Undoq bo`lsa, uy egalari nega bola-chaqali oilalarni qo`ymaydi, deyishadi?
— Ana xolos! Qip-qizil yolg`on-ku bu! Kim aytdi buni sizga! Ijaraga o`tiradigan odam bizda uy egasini ko`rmaydi ham. Munisipalitet qoshida uy-joy bilan shug`ullanadigan mahkama bor. Ijaraga turmoqchi bo`lgan odam mana shu mahkamaga boradi-da, taxminan shunday deydi: «Menga besh xonali uy kerak, vannaxonasining toshi ko`m-ko`k bo`lsin, qizili to`g`ri kelmaydi, xotinimning asabi qittak nozikroq».
— Mamlakat deb mana buni aytsa bo`ladi! — zaldagilarning zavqi kelib qiyqirib yuborishdi. — Ura!
Men ham bo`sh kelmay, yurtimizni ko`klarga ko`garib maqtab ketyapman.
— Eshitishimizga qaraganda, yurtingizda ishsizlar ko`p, ish sharoiti og`ir, mehnat haqi juda oz emish-a?
— Iya, sizlar o`zi kimga ishonasizlar: har xil g`arazgo`ylargami yo mengami? — deya o`shqirib berdim.
— Sizga-da, albatta…
— Unday bo`lsa quloq soling. Ishchilar to`g`risida gapirib bera qolay… Bizning ishchilarimiz juda yaxshi turmush kechirishadi. Bildingizmi? Ularning o`zlari hech narsadan nolishmaydi-ku, boshqalarning tinch yurmaganiga hayronman… Qani, menga ayting-chi, qaysi bir mamlakatning ishchisi biznikiga o`xshab ko`p haq oladi? Hech kimniki! Biznikilar shunchalik ko`p pul olishadiki, to`g`risini aytsam, ortiqchalik ham qiladi… Sir bo`lsa ham sizlarga shuni aytib qo`yay, agar bizning ishchimiz ovqati, kiyim-kechagi va ijara haqidan ortib qolgan pulini yig`ib yursa, bir oyning ichida bemalol kattakon fabrika qurib olishi mumkin. Lekin u fabrikani boshiga uradimi. Busiz ham uning joni rohatda…
— Voy-bo`!.. Zap mamlakat ekan-ku bu!
Qani endi mamlakatimizni rosa maqtayotganimni Anatoliya agentligi bilib qolsa-yu, boshqa yoqlarga ham olib eshittirsa… Bu shirin xayollarim zoe ketmasmidi.
— Maorif masalasi qalay? Aholining sakson prosenti savodsiz, deyishadi.
— Ana xolos… Lof ham evi bilan-da. Yolg`on gap shunaqa bo`ladi deb o`ylovdim-a. Odamlarimiz shundoq savodxonki, kitob o`qishu, xat yozish degan narsalar jonlariga tegib ketgan. Hammaning savodi chiqqan… Garov o`ynab bitta savodsiz odam topib ko`ring-chi! Professorlar, jurnalist va yozuvchilar ham bizda yo yozishadi, yo o`qishadi. Hattoki, bir o`tirishda ham yozib, ham o`qiydigan odamlarimiz bor. Yozuvchilarning ham, kitobxonlarning ham tagi mo`l. Bizda shunchalik maktab ko`pki, o`t-betdan yo`l ochish kerak bo`lib qolsa, to`ppa-to`g`ri maktablarni buzib o`tib ketaverishadi, o`qituvchilarning bo`lsa son-sanog`i yo`q… Bittasini chaqirsang, sakkiztasi «labbay» deb keladi.
— Maktab ochish uchun Amerikadan keltirilgan uskunalarga nima deysiz?
— Iya, bu hazil edi-ku. Kuch-qudratimizni begonalardan yashirish uchun shunday qilgan edik-da. Biz jo`rttaga maktablar uchun bino etishmaydi, degandik.
— Shoshmang, bu erda bir gap borga o`xshaydi, — o`tirganlardan biri sapchib o`rnidan turib ketdi, — o`zingiz yozgan maqolalarni o`qiganmiz. Gazetalardagi feletonlaringizda hamisha mamlakatda maktab va o`qituvchilar etishmaydi, deb yozasiz-ku…
— Hali shunga ishonib o`tiribsizlarmi? Qo`yinglar-e! Buni men oppozisiya uchun, ya`ni muxoliflar paydo qilish uchun yozaman. Xalqimiz muxolif bo`lishni zap yaxshi ko`radi-da. Hamma narsa qoyilmaqom, deb yozadigan bo`lsak, xalqimiz bizdan ranjib qoladi. Mana shuning uchun maktablar etishmaydi, deb yozamiz, obunachilarni ko`paytirish uchun shunga o`xshagan narsalarni to`qib yuramiz. Bunaqa gaplar mahalliy axborot hisoblanadi, chetga boshqachasini yuboramiz.
— Sizlarda yo`llar yo`q, borlari ham xarob deyishadi, bunga nima deysiz?
Bunday gaplar me`damga tekkani uchun irg`ib o`rnimdan turdim.
— Bas endi, men ketaman.
— Ha, yo`l bo`lsin, bu erdan hech qayoqqa chiqib ketolmaysan, hozir tush ko`rib yotibsan…
Demak, hammasini tushimda ko`rayotganimni ular ham bilishar ekan-da.
— Qo`yib yuboringlar, ketaman.
— Qayoqqa?
— Yurtimga…
Eshikka qarab yurdim. O`tirganlarning hammasi «gur» etib ustimga yopirildi, birpasda meni burchakka tiqib qo`yishdi.
— Qo`yib yuboringlar meni!
— Sen tush ko`ryapsan, hech qayoqqa ketmaysan!
Na qo`limni va na oyog`imni qimirlata olaman.
— Yana bitta savolim bor, — dedi bittasi biqinimga turtib, — sizlarda erkinlik bormi, yo`qmi?
Qo`rqqanimdan tilim aylanmay qoldi.
— Hm… Hm… Hm… — yo`talib ham oldim. Gapim bo`g`zimdan chiqmaydi.
— Qani, gapir, gapir, erkinlik bormi? — deya hammasi bir og`izdan so`rashdi.
Nihoyat, yana tilga kirdim, g`o`ldirab turib aytdim;
— Bor… Juda ko`p, to`lib-toshib yotibdi…
— Mamlakatingizda hamma erkinliklardan bormi?
— Sizga qaysi biri kerak o`zi?
— Aytaylik, matbuot erkinligi.
— Bor bo`lganda qandoq… Bizda hammasi bor. Qalashib yotibdi. Matbuot erkinligi ham bor. Istagancha topiladi. Meni qo`yib yuboringlar endi!..
— Demak, sizlarda hamma erkinliklar bor ekan-da?
Ichimda o`ylayman: «Tong albatta otadi… Bu dahshatli tush bir umr cho`zilishi mumkin emas. Nima bo`lsa ham, albatta tong otadi, men uyg`onaman…»
— Sizlarda matbuot erkinligi bormi?
— Bor deb aytdim-ku, axir… Ha, bor!
— Bor bo`lsa juda soz, ammo matbuot haqidagi eski qonun hali amalda deyishadi-ku. Bu qanday erkinlik bo`ldi?
— Ha, nima bo`pti… Sizlarga nima… Amalda bo`lsa bo`laversin, axir endi qo`llanilmaydi-ku… Bizning mamlakatimizda sulton Fotih Istambulni bosib olayotganida ish bergan to`plar ham bor, xo`sh, hozir bularning keragi bo`lmasa, albatta yo`qotib yuborish shartmi? Biz boshimizga qanday kulfatlar tushganini unutmaslik uchun demokratiyaga zid bo`lgan mana shu qonunni saqlab kelyapmiz. Bizda matbuot erkinligi va boshqa juda ko`p erkinliklar bor. Bular shunchalik ko`pki, qayoqqa sig`dirishni ham bilmay garangmiz.
— Mamlakatda iqtisodiy ahvol chatoq, byudjet nuqul zarar ko`ryapti, deb eshitdik. Bunga nima deysiz?
Xudoyo mushkulimni o`zing oson qil, bunisiga nima deb javob beraman? Qora terga botib ketdim-ku!
— Nima, butun umrim uyquda o`tadimi? Etar menga shuning o`zi! — deya qichqirib yubordim.
— Agar to`g`risini aytmasang, hech qachon uyg`onmaysan.
Rostini aytadigan bo`lsam, mamlakatimizga qarshi propaganda yuritgan bo`laman… Yo parvardigor, sho`rlik boshimni qandoq kulfatlarga solding!
— Ekonomikamiz siz o`ylagandek yomon ahvolda emas. Aksincha, juda porloq. Shunday porloqki, ko`rsangiz ko`zingiz qamashadi… Byudjetga kelsak, zarar bilan foyda tenglashib qolgan. — Shu erga kelganda gapning beliga tepib, shartta to`xtatishdi.
— Demak, ma`lum bo`ladiki, sizlar yordamga muhtoj emas ekansiz, — dedi hozir bo`lganlardan biri, — biz haqiqiy ahvolni aytib berasiz degan maqsadda sizni chaqirtirgan, mabodo yordamga muhtoj bo`lsangiz, qarz ochib, sizlarga mablag` bermoqchi bo`lgan edik… Ko`rinib turibdi, ishlaringiz joyida, yordamga hojat ham yo`q ekan. Xo`p, xayr.
Bu gapni eshitib es-hushimni yig`ib oldim.
— Nima?! — deb ovozimning boricha bo`kirdim.
Demak, meni chet eldan yordam olishga vakil qilib yuborishgan ekan-da.
— Mayli, nega buni ilgariroq aytmadingiz, bilganimda shunga qarab to`n bichardim, gapning to`ppa-to`g`risini aytib berardim.
— Xo`p, xayr.
Alamimga chidayolmay ho`ngrab yig`lab yubordim. Buni qarang, chet eldan yordam olish mumkin ekan-ku, men qo`ldan boy berib qo`yibman-a. Alam qiladigan joyi shundaki, mamlakatimni ajnabiylar oldida yomonotliq qilib ko`rsatgan, jinoyat qilgan bo`laman deb o`ylab, yordamdan quruq qolibman.
Yig`idan uyg`onib ketdim. Hali tong yorishmagan ekan.
Shamchiroqni yoqdim. Stulga o`tirdim. Tushimda rostdan ham yig`lagan ekanman. Ko`z yoshlarimni artib olib, hozirgina ko`rgan dahshatli tushimni qog`oz betiga tushira boshladim. Nahotki, hech tong otmasa-ya! Qurib ketkur tun biram cho`zilib ketdiki…
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi