Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida qishloq xo`jaligida yangi zaxiralarni ishga solish hamda 2024 yilgi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig`ilishi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, sohada so`nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida dehqon-fermerlarning manfaati, daromadi oshib, mahsulot ko`paydi, klaster tizimi rivojlanib, yuqori unumli texnika va chuqur qayta ishlash kirib keldi, yangi navlar va agrotexnologiya ko`paymoqda.
Jumladan, o`tgan yili sohada ishlab chiqarish 4,1 foizga o`sib, 426 trillion so`mni tashkil qildi. Eksport esa qariyb 2 milliard dollarga etdi. 152 ming gektar bog` va tokzorlar barpo qilindi.
2023 yil ilk bor 3 million 700 ming tonna paxta, 8 million tonna g`alla hosili olindi. Bunday raqamlar yaqin tariximizda hech qachon bo`lmagan.
Er va suv resurslari cheklangan sharoitda qishloq xo`jaligi mas`ullari joriy yilda mutlaqo yangicha ishlashi zarurligi qayd etildi.
Lekin, tannarxni kamaytirish, yuqori hosil beradigan urug` va ko`chatlarni etkazib berish, sanoat muhitini olib kirish bo`yicha ayrim mutasaddilar va hokimlar etarlicha ishlamayotgani tanqid qilindi.
Joriy yilda tumanlarga hosildor urug`larni etkazib, dehqonlarni yangi agrotexnologiyalarga o`qitib, paxta va g`allada hosildorlikni yanada oshirish muhimligi ko`rsatib o`tildi.
Shuningdek, o`g`it tannarxni 15 foizga kamaytirib, qishloq xo`jaligini 900 ming tonna mineral o`g`it bilan ta`minlash vazifasi qo`yildi.