Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida bo`lib o`tayotgan qishloq xo`jaligi sohasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida davlat rahbari yana 70 ta tumanda mineral o`g`it saqlash omborlarini tashkil qilish bo`yicha topshiriq berdi.
Ma`lum qilinishicha, Omborlardagi o`g`itlar qoldig`ini kunlik monitoring qilib, etishmagan qismini zudlik bilan etkazish muhimligi qayd etildi.
Buning uchun fevral-aprel oylarida birjaga chiqadigan mineral o`g`it kunlik hajmini 6 ming tonnadan 9 ming tonnaga oshirishga ko`rsatma berildi.
Shuningdek, yig`ilishda o`g`it sifati va ustamasi bo`yicha ayrim tumanlarda e`tirozlar bo`layotganiga to`xtalib o`tildi.
Prezident mutasaddilarga fermerlarga o`z hisobidan o`g`it sotib olishda qulay moliyaviy mexanizmlarni joriy qilish bo`yicha taklif kiritishga topshiriq berdi (masalan, bank yoki sug`urta kafolati asosida bo`lib-bo`lib to`lash, tijorat krediti foizlarini pasaytirish).
Joylardagi omborlardan klaster va fermerlarga mineral o`g`itni tashishda transportni logistika portalida majburiy ro`yxatdan o`tkazish tartibi bekor qilinadi.
Shuningdek, fermerlarga yoqilg`ini o`z vaqtida etkazib berishda nazoratni kuchaytirish zarurligi ta`kidlandi.






