AsosiyJamiyat

Prezident BMT konferensiyasi ishtirokchilariga tabrik yo`lladi

'Prezident BMT konferensiyasi ishtirokchilariga tabrik yo`lladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 14-yig`ilishi ishtirokchilariga tabrik yo`lladi. 

Konvensiya kotibiyati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhitni muhofaza qilish bo`yicha dasturigaushbu nufuzli anjumanni mamlakatimizda o`tkazish tashabbusini qo`llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik izhor etdi.

Davlat rahbari hozirgi kunda ular iqlim o`zgarishi, yashash joylarining yaroqsiz holga kelishi, noqonuniy ov va savdo kabi jiddiy tahdidlar natijasida hayvonlarning genetik resurslari qisqarmoqda, ularning nodir va noyob turlari, tabiiy uyg`unlik va ekotizimlar yo`qolib bormoqda.

Tadqiqotlarga ko`ra, Er yuzidan so`nggi 50 yilda ularning 100 dan ortiq turlari, Markaziy Osiyoda esa 26 turdagi qushlar, 12 turdagi sut emizuvchilar, jumladan, Turon yo`lbarsi, Osiyo qoploni va boshqa endemik turlar butunlay yo`q bo`lib ketdi.

Bioxilma-xillikni kelajak avlodlar va barqaror rivojlanish uchun saqlash, inson hayotining tabiat bilan uyg`unligini ta`minlash – bizning umumiy maqsadimizdir. Bu butun xalqaro hamjamiyat sa`y-harakatlarini birlashtirishni, muvofiqlashtirilgan va kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

O`zbekistonda ko`chib yuruvchi yovvoyi hayvonlar turlarini saqlashga katta e`tibor qaratilmoqda. So`nggi yillarda eng avvalo, sohaning huquqiy bazasi takomillashtirildi, yangi qonunchilik hujjatlari qabul qilindi va ularning samarali ijrosi ta`minlanmoqda. Davlat boshqaruv organlari, biznes va fuqarolik jamiyatlarining ijtimoiy mas`uliyatini oshirishni qamrab olgan institusional tizim mustahkamlanmoqda.

Mazkur sohada fundamental va amaliy tadqiqotlarning eng ilg`or maktabi bo`lgan Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti o`z faoliyatini qayta tikladi. Qisqa muddatda ko`chib yuruvchi turlarni ishonchli himoya qilishni ta`minlovchi qo`riqlanadigan tabiiy hududlar uch karraga oshirilib, mamlakatimiz umumiy maydonining 14 foiziga etkazildi. O`zbekistonning nodir tabiat landshaftlari YuNESKOning Butunjahon tabiiy meros ro`yxati, Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog`iga va Ramsar konvensiyasi ob`ektlari ro`yxatiga kiritildi.

Yovvoyi hayvonlarni parvarish qilish uchun yangi pitomniklar tashkil etildi. Noyob qush turlari va sut emizuvchilarni o`z yashash makonlarida ko`payishini qayta tiklash bo`yicha dasturlar amalga oshirilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda o`rmonlar yaratilgani o`simliklar xilma-xilligini va hayvonot dunyosini qayta tiklash imkonini bermoqda.

O`zbekiston 2024-2027 yillarda Konvensiyaga raisligi davrida ko`chib yuruvchi hayvon turlarini himoya qilishga o`zining butun kuch va salohiyatini to`liq safarbar qilishga tayyordir. Biz Samarqandda bu borada kelgusidagi ishlarimizning asosiy yo`nalishlarini belgilab beradigan 2024-2032 yillarga mo`ljallangan Yangi strategik reja tasdiqlanayotganini olqishlaymiz.

Shuningdek, Hayvonlarning ko`chishiga to`siqlardan xoli ekologik yo`laklarni yaratish bo`yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va qabul qilishni  qo`llab-quvvatlaymiz. 

Infratuzilma ob`ektlari – avtomobil va temir yo`llar, gaz quvurlari va chegara inshoatlarining qurilishi yovvoyi hayvonlar migrasiyasiga salbiy ta`sir ko`rsatishini kamaytirish uchun ekologik baho berilishi bo`yicha talabni kuchaytirish muhim, deb hisoblaymiz.

Hozirgi vaqtda O`zbekiston transchegaraviy tabiiy parklar yaratish bo`yicha mintaqa mamlakatlari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda va ular sonini keskin ko`paytirish niyatidamiz.  

Bir vaqtlar Ustyurt platosi kengliklarida yashagan va inson omili ta`sirida yo`qolib ketgan Osiyo qoploni populyasiyasini qayta iqlimlashtirishni boshlash niyatidamiz. Olimlar va ekspertlarni bu yo`nalishda hamkorlikka chorlab qolamiz.

Fursatdan foydalanib, Atrof-muhitni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Toshkentda o`z vakolatxonasini ochish bo`yicha qarori uchun alohida tashakkur aytmoqchiman. Biz tashkilotning mintaqamiz flora va faunasini saqlab qolishdek xayrli faoliyatiga har tomonlama ko`mak ko`rsatishga tayyormiz.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Bugungi konferensiyada qabul qilinayotgan qarorlarning hayotga tatbiq etilishi ko`chib yuradigan yovvoyi hayvonlarni saqlash bo`yicha xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va uning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Bu yo`ldagi sharafli va mas`uliyatli ishlaringizda sizlarga katta omadlar, kuch-g`ayrat va yangi muvaffaqiyatlar yor bo`lishini tilayman, deyiladi Prezident tabrigida.

 

    Boshqa yangiliklar