Shavkat Mirziyoev raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi vazifalar yuzasidan o`tkazilayotgan yig`ilishda nogironligi bo`lgan shaxslarni qo`llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
O`zbekiston 2021 yilda Nogironligi bo`lgan shaxslar huquqlari to`g`risidagi konvensiyaga qo`shilgani tarixiy voqea bo`ldi va undagi majburiyatlarni bajarish bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, viloyat va tuman hokimlari ushbu shaxslarga yordam berish, ularning uyushmalari va tashkilotlari bilan muloqot qilish, sharoit yaratish bilan etarlicha shug`ullanmayotgani ko`rsatib o`tildi.
Ayrim vazirlik, idoralar va viloyat hokimliklarida nogironligi bo`lgan birorta odam ishga olinmagani tanqid qilindi.
Nogironligi bo`lgan shaxslarni ishga olgan korxona va tashkilotlar uchun bir qator imtiyozlar yaratilgan. Lekin 500 mingdan ortiq korxona va tashkilotning bor-yo`g`i 43 mingtasida nogironligi bo`lgan shaxslar ishlaydi.
“Maktablar, professional ta`lim muassasalarida sharoit yo`qligi uchun 70 foiz ota-onalar nogironligi bor farzandlarini yashash joyidan uzoq maxsus maktab-internatiga joylashtirishga majbur. Aslida ota-onasi, do`stlari va mahalladan uzoqlashish har qanday bola uchun katta psixologik zarba”, — dedi prezident.






