Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yil yakuni bilan farmasevtika korxonalari sonini 26 taga, mahsulot turini 50 taga etkazish muhimligi ta`kidlandi.
Umuman, aytilgan imkoniyatlardan foydalanib, viloyatga 1,5 milliard dollar sarmoya, shundan 1 milliard dollar xorijiy investisiya jalb qilish, 600 million dollar eksportni amalga oshirish vazifasi qo`yildi.
Yig`ilishda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 11,5 trillion so`m kredit yo`naltirilishi belgilandi. Bu mablag`larni samarali ishlatish uchun har bir tuman va shaharni kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlanadi.
Xorazmda Xitoy tajribasi asosida “uy sanoati” rivojlantiriladi. Masalan, Bog`ot, Yangiariq, Yangibozor, Qo`shko`pir va Urganch tumanlarida jun va pillani qayta ishlash salohiyati katta, Hazorasp, Xiva, Tuproqqal`a va Xonqada qo`l mehnati asosida gilam to`qish ommalashgan
Ushbu tumanlarda ipakchilik va gilamchilik kooperasiyalari tashkil qilinib, kamida 10 mingta oila o`qitiladi. Ularga 100 million so`mgacha garovsiz kredit beriladi. Bu tarmoqqa viloyat bo`yicha joriy yilda qo`shimcha 100 milliard so`m yo`naltiriladi.
Prezident Xorazmni asosiy drayveridan biri bo`lgan turizmni rivojlantirish bo`yicha 3 yillik dastur qabul qilinishini aytdi.
Turizmni qo`llab-quvvatlash jamg`armasining tushumi 3 yil davomida Xorazmni o`zida qoldiriladi.
Sayyohlarga bir yil davomida cheklovsiz Xorazmga kirish uchun “O`zbekiston – mening ikkinchi uyim” viza tizimi joriy qilinadi.
Shu bilan birga, qator tumanlarda mehmonxonalar etishmasligi qayd etildi.
Endilikda mehmonxona va dam olish maskanlarini qurish, mavjud o`rinlarni ko`paytirish uchun 7 yilga 2 yil imtiyozli davr bilan 18 foiz stavkada kreditlar beriladi.






