AsosiyJamiyat

Uch tomonlama hamkorlik kengaymoqda

'Uch tomonlama hamkorlik kengaymoqda'ning rasmi

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Qirg`iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi Aqilbek Japarov, Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo`mitasi Siyosiy byurosi a`zosi, Shinjon-Uyg`ur avtonom rayoni Partqo`mi kotibi Ma Sinjuy ishtirok etdi.

Ta`kidlanganidek, Xitoy Xalq Respublikasi va Qirg`iz Respublikasi O`zbekiston Respublikasining muhim iqtisodiy hamkorlari hisoblanadi.

Mamlakatimizning Xitoy va Qirg`iziston bilan tovar ayirboshlash hajmi yildan-yilga o`sib bormoqda.

Xitoy va qirg`izistonlik hamkorlarimiz bilan birgalikda transport-logistika, energetika, sanoat kooperasiyasi, qishloq xo`jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida salmoqli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda “Bir makon, bir yo`l” tashabbusi doirasida qurilishi rejalashtirilgan “Xitoy – Qirg`iziston – O`zbekiston” temir yo`l liniyasi mintaqamizni Xitoy bilan bog`laydigan eng qisqa muqobil yo`l ekani qayd etildi.

“Xitoy – Qirg`iziston – O`zbekiston” temir yo`l liniyasini qurish va undan foydalanish uchun qo`shma korxona tashkil etish taklifi qo`llab-quvvatlandi.

O`zbekiston tomoni, Xitoydan Qirg`iziston va mamlakatimiz hududi orqali multimodal transportni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo`yicha sa`y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.

Shuningdek, “Irkeshtom” nazorat-o`tkazish punkti faoliyatini yanada takomillashtirish, qulay shart-sharoitlar yaratish, o`tkazish imkoniyatlarini kengaytirish bo`yicha tegishli choralar ko`rishga kelishib olindi.

Uchrashuvda tomonlar joriy yilda “Xitoy-Qirg`iziston-O`zbekiston” temir yo`l liniyasini qurish yuzasidan amaliy ishlarni boshlash muhimligini qayd etdi.

Uch tomonlama muzokaralardan so`ng, delegasiyalar rahbarlari “Ulug`chat” bojxona terminali va “Irkeshtom” nazora-o`tkazish punkti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Umuman, O`zbekiston delegasiyasining Xitoyga tashrifi doirasida “Qashg`ar iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasi” faoliyati bilan yaqindan tanishildi, bir qator etakchi kompaniyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o`tkazildi.

    Boshqa yangiliklar