Ijtimoiy tarmoq sahifalarida Mirzo Ulug`bek tumanidagi ta`lim rus tilida olib boriladigan maktablarning ayrim sinflarida fizika, kimyo, biologiya kabi fanlar bo`yicha pedagoglar etishmasligi tanqid qilgan edi.
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi tomonidan Toshkent shahridagi barcha umumiy o`rta ta`lim maktablaridagi ta`lim rus va o`zbek tillarida o`tiladigan fanlardan o`qituvchilarga bo`lgan ehtiyoj o`rganildi.
O`rganish natijalariga ko`ra asosiy ehtiyoj ta`lim rus tilida olib borilayotgan fanlar hisobiga to`g`ri kelayotganligi aniqlandi. Jumladan, 2024 yilning fevral oyi holatiga Toshkent shahri bo`yicha 354,5 shtat birligi hisobida o`qituvchilarga bo`lgan ehtiyoj mavjud bo`lib, shundan 282,5 shtat birligidagi o`qituvchilarga bo`lgan ehtiyoj ta`lim rus tilida olib borilayotgan fanlar hisobiga to`g`ri kelmoqda.
2023-2024 o`quv yilida Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi tizimidagi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini poytaxtimizda doimiy yashovchi 1668 nafar talaba tugatadi. Shundan 1068 nafari o`zbek guruhi, qolgan 600 nafarini rus guruhi bitiruvchisi hisoblanadi.
Aytilishicha, Toshkent shahridagi barcha umumiy o`rta ta`lim maktablaridagi ta`lim rus va o`zbek tillarida o`tiladigan fanlardan o`qituvchilarga bo`lgan ehtiyojni mazkur bitiruvchilar hisobiga qoplash ham inobatga olingan.
"Ma`lumot o`rnida aytish kerak, ayni paytda poytaxtimizdagi rus tilida ta`lim beriladigan umumta`lim maktablarida pedagoglarga ehtiyoj aynan Toshkent davlat pedagogika universiteti rus guruhlarida tahsil olayotgan yuqori kurs talabalarini o`rindoshlik asosida ishga jalb etish evaziga to`ldirilayotganligini bildiramiz", - deyiladi boshqarma ma`lumotida.






