O`zbekistonda farzand tug`ilganda uning nomiga tamg`alangan daraxt ko`chatlari ekiladi. Bu haqida muhokamalar portaliga joylashtirilgan hukumat qarori loyihasida belgilangan.
Qaror loyihasiga ko`ra, 2024 yil 1 iyulgacha farzand tug`ilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish bo`yicha davlat xizmati va elektron platforma to`laqonli yo`lga qo`yiladi.
Kadastr agentligi tuman (shahar) hokimliklari bilan har yili 1 noyabrga qadar hududlarda “yashil bog`lar”, “yashil jamoat parklari” va “Yangi avlod bog`lari” barpo qilish mumkin bo`lgan tuman (shahar) hokimliklari balansidagi bo`sh turgan erlar ro`yxati, maydoni va manzili haqida ma`lumotlarni to`playdi, GIS elektron xaritasini tayyorlaydi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdim etish tizimi yaratiladi.
Har yili 1 dekabrga qadar har bir tuman (shahar)larda “Ochiq byudjet” axborot portali orqali ovoz berish yo`li bilan, jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bog`im” loyihalari doirasida aholi tashabbusi bilan “yashil bog`” va “yashil jamoat parklari”ni barpo qilish uchun hamda bola tug`ilganida guvohnoma olishda uning nomiga tamg`alangan holda daraxt ko`chatlarini ekish orqali “Yangi avlod bog`lari”ni barpo qilishga er maydonlari ajratiladi.
Farzand tug`ilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish uning nomiga tamg`alangan holda daraxt ko`chatlarini ekib “Yangi avlod bog`lari”ni barpo qilish maqsadida tug`ilgan bolaning ota-onasi yoki vasiysi tomonidan ixtiyoriy ravishda “Yashil to`lov” elektron platformasi orqali yoki boshqa turdagi onlayn elektron platformasi orqali to`lovni amalga oshirgan holda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali buyurtma beriladi.
To`lovlar miqdori buyurtma beruvchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda belgilanadi.