O`zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkiya va Ozarbayjon kabi turkiy davlatlar Fatvo hay`atlarining onlayn majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, yig`ilishda ulamolar va soha mutaxassislari tomonidan Ramazon oyi hilolini kuzatish bo`yicha qilinayotgan ishlar, falakiy hisob-kitoblar, astronomik ma`lumotlar atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, dunyodagi yirik fatvo idoralari va nufuzli astronomiya institutlari axborotlari batafsil ko`rib chiqildi.
Turkiy davlatlar ulamolari fiqhiy qoidalarga tayangan holda falakiy hisob-kitob va astronomik kuzatuvlarni e`tiborga olib, hijriy 1445 yil Ramazon oyining birinchi kuni milodiy 2024 yil 11 mart, dushanba kuniga to`g`ri kelishi haqida yakdil fikrga keldilar.






