Asaka tumanida mansabdor shaxslar bilan bog`liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda “darakchi.uz”ga DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, Asaka tumani Ichki ishlar bo`limi tergov bo`linmasining sobiq xodimi Asaka tumani prokurori o`rinbosari orqali, mazkur tuman prokuraturasi ish yurituvida bo`lgan jinoyat ishi doirasida, qurilish firmasi rahbariga nisbatan qo`llanilgan “qamoq” ehtiyot chorasini o`zgartirib, tergov harakatlari davomida aniqlangan zarar summasini qayta nazorat-o`lchov tadbirlari o`tkazish orqali kamaytirib berish evaziga, ayblanuvchining yaqinlaridan 15 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.
Holat yuzasidan to`plangan materiallar asosida sobiq tergovchiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Olib borilgan tergov harakatlari davomida tuman prokurori o`rinbosari ham ushbu jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb qilindi.
Hozirda ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Boshqa holatda esa Asaka tumani hokimligining qishloq xo`jaligi bo`limi boshlig`i tuman hokimining qishloq xo`jaligi masalalari bo`yicha o`rinbosari topshirig`iga asosan, unga tegishli chorvachilikka ixtisoslashgan mas`uliyati cheklangan jamiyatga uzoq muddatga ijaraga berilgan er maydonining 50 sotix qismini sotish hamda tuman kadastr bo`limi orqali ushbu er maydonining toifasini noturar joyga o`zgartirib, hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan 40 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, tuman hokimligining qishloq xo`jaligi bo`limi boshlig`i oldindan 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu pul mablag`idan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Kadastr agentligining Asaka tuman bo`limi boshlig`i ham ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.
Hozirda Asaka tuman hokimining qishloq xo`jaligi masalalari bo`yicha o`rinbosari, tuman hokimligining qishloq xo`jaligi bo`limi boshlig`i va Kadastr agentligining Asaka tuman bo`limi boshlig`iga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






