“2024 yilgi Navro`z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida”gi Prezident Qarori (PQ-113-son, 04.03.2024 y.) qabul qilindi
Qarorga ko`ra, 2024 yilgi Navro`z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Olam nurga to`lsin sen bilan, Navro`z!” degan bosh g`oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko`tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi.
Navro`z umumxalq bayramini yuqori saviyada tashkil etish uchun quyidagilarga alohida e`tibor qaratiladi, jumladan:
- Toshkent shahridagi “Yangi O`zbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etishga;
- bu yilgi Navro`z bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e`zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda ko`makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun dasturxonlar tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini amalga oshirishga;
- “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, Navro`z bayrami arafasida respublikamizning barcha hududlarida, ko`cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlarini o`tkazishga.






