10 yil muddatga ozodlikda mahrum etilgan Andijon shahrining sobiq hokimi Baxrom Haydarovning jazoni ijro etish muassasasidagi vafoti ko`plab muhokamalarga sabab bo`lmoqda.
Ma`lum qilinishicha, ushbu holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) tomonidan o`rganilgan.
Qayd etilishicha, marhum B.Haydarov respublikada yagona hisoblanuvchi mahkumlarni davolashga mo`ljallangan Toshkent shahrida joylashgan 23-son Mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada jazo muddatini o`tayotgan, ya`ni davolanayotgan bo`lgan.
Kasalxona tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga ko`ra, marhum B.Haydarov “Yurak ishemik kasalligi zo`riqish stenokardiyasi FS-III, IKKS (2022 yil mart). Koronar qon tomirlar stentlash operasiyasidan keyingi holat (2022 yil aprel). Gipertoniya kasalligi III bosqich. Arterial gipertenziya-III. Xavf-IV (O`ta yuqori)” tashxisi bilan 2024 yil 5 mart kuni soat 00:15larda kasalxonaning terapiya bo`linmasida vafot etgan.
Ushbu holat haqida kasalxona rahbariyati tomonidan maxsus prokurorga va Jazoni ijro etish departamentiga ma`lumot hamda marhumning yaqin qarindoshlariga xabar berilgan. Maxsus prokuratura tomonidan sud-tibbiy ekspertlar jalb qilingan holda tekshiruv o`tkazilgan. Shu kuni soat 8:30larda marhum o`g`li va qudasi tomonidan olib ketilgan.
Shu kuniyoq Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning oila a`zolari va yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Hozirda holat yuzasidan prokuratura idoralari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






