Nyu-Yorkda O`zbekiston va Lixtenshteyn o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatish to`g`risidagi Qo`shma kommyunike imzolandi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O`zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug`bek Lapasov va Lixtenshteyn Knyazligining BMTdagi doimiy vakili Kristian Venvayzer imzoladi.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo`shma hamkorlikni kuchaytirishga o`zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o`zaro manfaatli yo`nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo`yicha kelishuvga erishildi.
Hujjatning imzolanishi O`zbekiston bilan Evropa davlatlari o`rtasidagi hamkorlikni faollashtirish yo`lidagi muhim qadam bo`ldi.
Shu tariqa, Lixtenshteyn O`zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o`rnatgan 146-davlatga aylandi.
Eslatib o`tamiz, 18 yanvar kuni Kampala shahrida O`zbekiston Respublikasi va Uganda Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatish to`g`risida Qo`shma kommyunike imzolangan edi. Uganda O`zbekiston bilan diplomatik munosabatlarni o`rnatgan 145-mamlakat bo`ldi.






