Toshkent metrosining yangi ikkita bekati — “Turon” va “Qipchoq” yo`lovchilar uchun xizmat ko`rsatishni boshlaydi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK axborot xizmati xabar berdi.
Toshkent metrosining Erusti halqa yo`lining II bosqichi doirasidagi Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesiga qadar qurilayotgan ikkita yangi metro bekatlarida (“Turon” va “Qipchoq”) qurilish ishlari o`z yakuniga etkazilib, sinov tariqasida (yo`lovchilarsiz) poezdlar harakati yo`lga qo`yilgan edi. Mazkur sinov jarayonlari muvaffaqiyatli o`z yakuniga etkazildi va ushbu bekatlar joriy yilning 11 mart sanasidan boshlab ertalabdan odatiy reja asosida yo`lovchilar uchun xizmat ko`rsatishni boshlaydi.
Bundan tashqari, yo`lovchilarga qulay xizmat ko`rsatish uchun metro vagon parklariga so`ngi vaqtlarda 24 ta metro vagoni olib kelingan bo`lsa, bugun yana 12 ta metro vagoni Toshkent shahriga kirib keldi. Shuningdek, may oyi so`ngiga qadar yana 20 ta zamonaviy metro vagonlari olib kelish ham rejalashtirilgan.






