Butun dunyoda uy-joy narxi oshib, uysizlar soni ortib bormoqda, dedi BMT eksperti Jenevada bo`lib o`tgan Inson huquqlari kengashi sessiyasida.
“Ijara to`lovlar oshgani uchun ko`p odamlar haydab chiqarilmoqda, uysizlar soni esa ko`payishda davom etmoqda. Shuni eslatib o`tmoqchimanki, arzon narx xalqaro huquqda mustahkamlangan munosib uy-joy huquqining asosiy elementi hisoblanadi”, — dedi Adekvat uy-joy bo`yicha maxsus ma`ruzachi Balakrishnan Rajagopal.
U davlatlarni arzon uy-joy bilan ta`minlash zarurligini eslatib o`tdi. 2023 yil dekabr oyida Bosh Assambleya tomonidan uysizlar bo`yicha rezolyusiya qabul qilinishini olqishladi. Unda xalqaro hamjamiyat a`zolari “uysizlik turli yoshdagi, turli iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy guruhlarga mansub, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda yashovchi odamlarga ta`sir qiluvchi global muammo” ekanligini ta`kidladilar.
Rajagopalning aytishicha, hozirda o`ta qashshoqlik bo`yicha maxsus ma`ruzachi bilan qashshoqlik va uysizlikni dekriminallashtirish bo`yicha hisobot ustida ishlamoqda. Shuningdek, hozirda Kaliforniyaning San-Diego shahrida ko`chirishga qarshi kurash va arzon uy-joy bilan ta`minlash sa`y-harakatlarini o`rganmoqchi.
Zamonaviy va so`nggi o`n yilliklardagi mojarolarga to`xtalar ekan, Rajagopal harbiy amaliyotlar chog`ida uy-joylar va fuqarolik infratuzilmasi vayron bo`lishini qoraladi.
U 2022 yilda tegishli uy-joyga ega bo`lish huquqi buzilishining oldini olish, aholi gavjum hududlarda portlovchi moddalardan foydalanishni taqiqlash va mojarolarda uy-joylarni vayron qilishni insoniyatga qarshi jinoyat sifatida tan olish bo`yicha xalqaro harakatlarga chaqiruvini takrorladi.
“G`azo sektorida sodir bo`layotgan voqealar insoniyat vijdonini larzaga solmoqda. 2023 yil 7 oktyabrdan beri G`azo sektoridagi barcha uy-joy fondining 70 foizdan ortig`i va G`azo sektorining shimoliy qismidagi 80 foizdan ortig`i shikastlangan yoki vayron bo`ldi, 1,5 milliondan ortiq odam o`z uyini tark etishga majbur bo`ldi”, — dedi Rajagopal.






