Toshkent xalqaro aeroportining nazoratchisi 1800 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi, deya xabar berdi DXX matbuot xizmati.
Toshkent xalqaro aeroportining Aviasiya xavfsizlik xizmati qo`riqlash nazoratchilar bo`linmasi nazoratchisi A.B. xizmat mavqeidan foydalangan holda o`zganing ishonchiga kirib, uning pul mablag`ini noqonuniy tarzda o`zlashtirishni reja qiladi.
Dastlab u ijtimoiy tarmoq orqali jabrlanuvchi bilan tanishadi va uning qarindoshini Toshkent xalqaro aeroportining Aviasiya xavfsizlik xizmati qo`riqlash nazoratchilar bo`linmasiga nazoratchi sifatida ishga kiritib qo`yish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qiladi. Lekin, jabrlanuvchi 1800 AQSh dollari berishini ma`lum qiladi.
2023 yilning 6 dekabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda, A.B. 1800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan A.B. ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borildi. Jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudi tomonidan esa A.B. ga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.






