Dafn marosimlarini o`tkazish xizmati ko`rsatishga ruxsat berishi evaziga tadbirkordan 2 000 AQSh dollari talab qilgan bo`lim boshlig`i ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar qildi.
Departamentning Olmaliq shahar bo`limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati obodonlashtirish bosh boshqarmasi “Qabristonlarni saqlash” bo`limi boshlig`i J.A. tadbirkor I.T.dan dafn marosimlarini o`tkazish xizmatini ko`rsatishga ruxsat berishi evaziga 2 000 AQSh dollari talab qilib, shundan 200 AQSh dollarini qo`lga kiritib, yana 800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.