Sir emaski, iste`mol qilayotgan har bir taomimiz organizm, xususan, yurak uchun foydali va aksincha, zararli bo`lishi mumkin. Ahamiyat bergan bo`lsangiz, shifokor ko`rigida, ko`pincha, qanday mahsulotlarni nisbatan ko`proq iste`mol qilishimiz so`raladi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki...
Olma
Har kuni hech bo`lmaganda bitta olma iste`mol qilish yurak qon- tomir tizimida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan xastaliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Olma tarkibidagi kletchatka qondagi xolesterin miqdorini kamaytirishda asqotadi. Agar sizda yurak bilan bog`liq xastaliklar bo`lsa, olma pyuresi, sharbati va mevasini doimiy iste`mol qiling.
Yong`oq
Yong`oq tarkibida yarim to`yingan yog`lar mavjud bo`lib, qondagi xolesterin miqdorini oshirmaydi. Bu yog`lar tibbiyotda “foydali yog`lar” nomi bilan atalib, yurakning “yog` bosishi”dan asraydi. Yurak faoliyati bilan bog`liq muammolar va ularning oldini olishda kuniga 3-4 tadan yong`oq iste`mol qilish kerak.
Ismaloq
Bu ko`katni salatga qo`shib iste`mol qilish yurak qon-tomirlarini quvvatlantirishga ko`maklashadi. Ismaloq tarkibidagi V9 vitamini yurak uchun foydali bo`lib, uni taomnomaga muntazam kiritish foydadan xoli bo`lmaydi.
Qovoq
Tarkibida beta-karotin, kaliy va S vitaminlarining ulkan zaxirasi borligi uchun yurak qon-tomirlarining erta aterosklerozidan himoya qiladi. Shuningdek, qovoq arterial qon bosimini kamaytirishga ham hissa qo`shadi. Yurak bilan bog`liq muammolarda qovoqning bug`da yoki dimlab pishirilgani tavsiya etiladi.
Brokkol
Tarkibida bir necha foydali elementlardan tashqari ko`p quvvat sarflaydiganlar uchun g`oyat zarur bo`lgan Q10 koenzimini jamlagan. Mazkur element organizmni kun davomida quvvat bilan ta`minlaydigan yurak uchun juda foydalidir. Brokkolni xomligicha, shuningdek, bug`da tayyorlab, iste`mol qilish mumkin.
Anor
Qonning quyilishi muammosiga duch kelganlar anor mevasi yoki sharbatini iste`mol qilishlari lozim. Shu bilan birga anor sharbati yurak qon-tomir faoliyati uchun foydalidir.
Boshoqli va dukkakli o`simliklar
Nonushta uchun engil hazm bo`luvchi manniy va suli yormasidan tayyorlangan sutli bo`tqalar yurak ishemik xastaliklaridagi muolaja vaqtida parhezga kiritiladi.
Oq va qizil loviya, yasmiq doni (chechevisa) tarkibida yog` kislotalari kam bo`lib, ular kaliy, kletchatka va oqsilga boyligi bilan yurak uchun kerakli ozuqa bo`la oladi. Qo`y go`shti va go`shtning boshqa yog`li turlarini mazkur donlardan tayyorlangan taomlarga almashtirish mumkin.
Sarimsoqpiyoz
Qon tomirlaridagi tonusni kamaytirgani bois, yurak xastaliklarida eguliklar bilan birga tanovul qilish tavsiya etiladi. Sarimsoqpiyozni xomligicha iste`mol qilishni yoqtirmasangiz, egulik va taomlarga qo`shishingiz mumkin.
O`rmon mevalari
Qorag`at, malina kabi mevalardan tayyorlangan damlama va choylardagi kaliy moddasi organizmda yig`ilib qolgan ortiqcha suyuqlikni chiqarishga yordam berib, tana a`zolari (qo`l va oyoq)dagi shishlarni kamayishtirishga yordam beradi.
Uzum
Qon tomirlari devorini mustahkamlashga ko`mak beradi va kamqonlik hamda qon ivishi bilan bog`liq muammolarni bartaraf etadi. Yurak uchun foydali bo`lishini istasangiz, uzumning qora va qizg`ish turlarini iste`mol qiling.