1

Xotin-qizlardan OTMlarda o`qish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlandi

Jamiyat 06.05.2024, 17:59
Xotin-qizlardan OTMlarda o`qish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlandi

Oila va xotin-qizlar qo`mitasi mutaxassisligi bo`yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma`lumotga ega bo`lmagan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish uchun arizalar qabul qilish boshlanganligini ma`lum qildi.

Mutaxassisligi bo`yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma`lumotga ega bo`lmagan xotin-qizlar davlat oliy ta`lim muassasalariga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilinishi belgilangan.

Ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi bo`lgan xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar qo`mitasining tavsiyanomasiga ega bo`lishlari lozim.

Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:

  •  o`rta maxsus yoki professional ta`lim bo`yicha mutaxassislikka ega bo`lishi (kollej, texnikum diplomiga ega bo`lishi);

 

  • tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta`lim olmaganligi yoki olmayotganligi (davlat va nodavlat oliy ta`lim muassasalarida o`qimayotgan bo`lishi kerak);

 

  • o`rta maxsus yoki professional ta`lim mutaxassisligi bo`yicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo`lishi (o`rta maxsus diplomini qaysi mutaxassislik bo`yicha tugatgan bo`lsa, shu mutaxassislik bo`yicha kamida 5 yil ishlagan bo`lishi kerak).

 

Talabgorlar joriy yilning 1 iyuniga qadar ariza bilan tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar bo`limlari huzuridagi Mutaxassisligi bo`yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo`lgan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish masalasini ko`rib chiqish bo`yicha doimiy yashash yoki vaqtincha ro`yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) Ishchi guruhlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

1. Fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi.

2. Mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan ko`chirma.

3. O`rta-maxsus yoki professional ta`lim bo`yicha diplom.

Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlar tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan o`rnatilgan tartibda 1-7 iyun kunlari ko`rib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish to`g`risida xulosa qabul qilinadi.

Ishchi guruh xulosasi asosida xotin-qizlarga tavsiyanoma berishga tavsiya etish yoki uni rad etish to`g`risida 7-10 iyun kunlari tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo`limi boshliqlari tomonidan qaror qabul qilinadi hamda uni Oila va xotin-qizlar qo`mitasiga ko`rib chiqish uchun taqdim etiladi.

Har yili 10 iyundan 14 iyunga qadar Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi tomonidan taqdim etilgan qaror va unga ilova qilingan hujjatlar ko`rib chiqilib, Qo`mita raisining tavsiyanomalarni berish yoki uni rad etish to`g`risidagi buyrug`i chiqariladi.

15 iyunga qadar tavsiyanomalar o`rnatilgan tartibda o`z egalariga etkaziladi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1