1

DXX Farg`onada prokurori o`rinbosari, Chortoqda hokim o`rinbosari, Angrenda elektr korxonasi rahbari va yana boshqa mansabdorlarni qo`lga oldi

Jamiyat 07.05.2024, 10:04
DXX Farg`onada prokurori o`rinbosari, Chortoqda hokim o`rinbosari, Angrenda elektr korxonasi rahbari va yana boshqa mansabdorlarni qo`lga oldi

Joylarda mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo`yildi, deya xabar qilmoqda DXX matbuot xizmati.


Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda Qo`shtepa tumani prokurori o`rinbosari o`z xizmat mavqeidan foydalanib, maktabgacha ta`lim tashkiloti rahbaridan 2000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Aniqlanishicha, u tuman prokuraturasi tomonidan JKning 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, ayblov xulosasi tuman sudiga yuborilgan maktabgacha ta`lim tashkiloti rahbariga nisbatan sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq jazo tayinlanmasligiga hamda JKning 45-moddasi (muayyan huquqdan mahrum qilish) qo`llanilmasligiga yordam berishi evaziga 3 ming AQSh dollari talab qilgan va muqaddam 1000 AQSh dollari olgan.

Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi agrofirma rahbari tuman hokimining qishloq va suv xo`jaligi masalalari bo`yicha o`rinbosari bilan o`zaro til biriktirib, joriy yilning aprel oyida g`allachilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo`jalikning davlat zaxirasiga olingan 10 gektar er maydonini f/x ixtiyoriga qaytarib berish hamda xo`jalikning bajarilmagan g`alla ekish rejasini ijobiy hal qilib berish evaziga 2,5 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda agrofirma rahbari so`ralgan pul mablag`idan 1000 AQSh dollari va 5 mln. so`m olgan vaqtida ushlandi.Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, talab qilingan pul mablag`idan 100 AQSh dollarini olib, qolgan qismini o`zida saqlab turishi haqida agrofirma rahbariga topshiriq bergan vaqtida Chortoq tumani hokimi o`rinbosari ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ta`kidlash lozimki, agrofirma rahbari fermerning ushbu masalasini hal qilib berish bo`yicha avvalroq 3 mln. so`m olgan.

DXX Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda Angren shahar elektr ta`minoti korxonasi boshlig`i o`rinbosari o`z rahbarining og`zaki topshirig`iga asosan, savdo faoliyati bilan shug`ullanuvchi MChJning transformatorini elektr tarmog`iga ulab, tegishli hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga xizmat xonasida 40 mln. so`m miqdorida pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, Angren shahar elektr ta`minoti korxonasi boshlig`i ham prosessual tartibda ushlandi.

DXX Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tuman filiali boshlig`i o`z xizmat mavqeidan foydalanib, tumandagi 20 sotix er maydonida qurilgan uy-joy uchun kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga, o`zining xizmat xonasida 25 ming AQSh dollari miqdorida pora olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo`zg`atilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1