Yaponiyada tug`ilish darajasi 2023 yilda rekord darajada past bo`lib, 1,21 ga etgan bo`lishi mumkin. Ko`rsatkich yapon ayolining umri davomida tug`ishi kutilayotgan o`rtacha bolalar sonini ko`rsatadi. Bu haqda "Nikkei Asia" xabar berdi.
"Iqtisodchi e`lon qilgan demografik pasayish hukumat prognozini ortda qoldiradi. 2023 yilda Yaponiyada 731 mingga yaqin bola dunyoga kelgan, deydi mutaxassis. Milliy aholini tadqiq qilish instituti esa 2023 yilda 739 ming bola tug`ilishini va tug`ilishning umumiy koeffisienti 1,23 ni tashkil etishini prognoz qilgandi.
Yaponiyada tug`ilish darajasining pasayishi ketma-ket sakkizinchi yil davom etmoqda", deyiladi xabarda.
Oilalarda farzandlar sonining kamayishi COVID-19 pandemiyasi davrida nikohlar sonining kamayishi bilan ham bog`liq. Nikohlar 2020 yilda 12 foizga, 2021 yilda esa 5 foizga kamaydi. O`zgaruvchan qadriyatlar va iqtisodiy noaniqlik ham bunga hissa qo`shgan.
2023 yil bahorida Yaponiya Sog`liqni saqlash vazirligi 2022 yilda mamlakatda bolalar rekord darajada kam tug`ilgani haqida xabar bergandi. Yangi tug`ilgan chaqaloqlar soni 799 728 taga qisqargan, bu 2021 yilga nisbatan 5,1 foizga kam.
2022 yilda dunyoga kelgan bolalar soni tug`ilishlar qayd etila boshlangan 1899 yildan beri eng past ko`rsatkichga etdi. Shu bilan birga, 2022 yilda Yaponiyada vafot etganlar soni 8,9 foizga oshib, 1,58 million kishini tashkil qildi.






