Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi amaliy tashrif bilan Germaniyaga bordi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Tashrif davomida mamlakat elchixonasida Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo`mitasi bilan hamkorlikda yirik nemis ish beruvchi kompaniya vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Suhbatda vaqtincha xorijda ishlash istagida bo`lganlarni Evropaning rivojlangan davlatiga ishga jalb etish borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ushbu davlatga mehnat migrasiyasini tez va samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Nemis ishbilarmonlari ayni paytda Germaniyada tashqi ishchi kuchiga bo`lgan ehtiyoj ortib borayotganini, ayniqsa hamshiralik va feldsherlik, yuk mashinasi haydovchisi, sanoat, mexatronika, gastronomiya, yo`l qurilishi sohalarida 130 mingdan ortiq ishchi kuchiga ehtiyoj mavjudligini bildirdi.
Uchrashuvda O`zbekiston bilan ko`p yillardan buyon mehnat migrasiyasi sohasida hamkorlik qilib kelayotgan kompaniyalar vakillari o`z tajribalari bilan bo`lishdilar va boshqalarni ham mamlakat bilan hamkorlikka chorladilar.
Shuningdek, muloqotda Germaniya mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda yurtdoshlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, nemis tilini o`rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, viza olishda engilliklar joriy etish bo`yicha o`z takliflarini bildirdilar. Kasb-hunarga o`qitishning nemis modelini joriy etishga qaratilgan qo`shma loyihalarni amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.
Nemis kompaniyalari vakillari O`zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyorliklarini ta`kidladilar.