Pokistonning Balujiston viloyatida yo`lovchi avtobusi 29 may kuni jarlikka qulashi oqibatida kamida 28 nafar fuqaro halok bo`ldi. Bu haqda "Türkiye Gazetesi" xabar berdi.
Halokatga uchragan avtobus Balujiston janubidagi Turbat shahridan viloyat markazi bo`lgan Kvetta shahri tomon ketayotgan bo`lgan. Transport noma`lum sababga ko`ra yo`ldan chiqib ketib, jarlikka qulagan.
Halokat sodir bo`lgan Vashuk tumanidagi sog`liqni saqlash xodimi Nurulloh Essazay 28 kishi halok bo`lganini tasdiqlagan. Avtobusda jami 54 nafar yo`lovchi bo`lgani qo`shimcha qilingan.
Halokatdan omon qolganlarning ba`zilari og`ir jarohat olgan. Ular mahalliy shifoxonada davolanayotgani xabar qilingan.
“Bizda sakkizdan o`n nafargacha og`ir jarohat olgan bemorlar bor va ularni vertolyotda Kvettaga jo`natish uchun tayyorgarlik ko`rmoqdamiz. Boshqa bemorlar esa Xuzdardagi kasalxonaga yuboriladi”, — deya ma`lumot bergan Nurulloh Essazay.
Vashukdagi hukumat rasmiylaridan biri bo`lgan Muhammad Ismoilning aytishicha, avtobus ko`prikdan o`tib, toshloq jarlikka qulagan. Halok bo`lganlar orasida avtobus haydovchisi ham bor. Voqea joyi tog`li hudud bo`lgani bois qutqaruvchilar voqea joyiga borishi uchun vaqt talab etilgan.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif o`z bayonotida voqea yuzasidan hamdardlik bildirgan va rasmiylarni jarohatlanganlarga yordam berishga ko`rsatma bergan.
“Biz ushbu og`ir damda halok bo`lganlar oilalari bilan qalban birgamiz va ularga samimiy hamdardligimizni bildiramiz”, — deyilgan bosh vazir devoni e`lon qilgan bayonotda.






