Moskavada soyabon bilan ko`chada yurgan 63 yoshli erkakni yashin urdi. U voqea joyida vafot etgan. Xabar berilishicha, Moskva yaqinidagi Balashixa shahrida soyabon bilan o`tib ketayotgan pensionerni yashin urgan. Oqibatda, u vafot etgan. Ma`lumotlarga ko`ra, holat soat 19:00 atrofida sodir bo`lgan. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
"1961 yilda tug`ilgan erkakni chaqmoq urdi. Voqea joyiga tez tibbiy yordam brigadasi etib kelgan, biroq reanimasiya harakatlari yordam bermagan. Sud-tibbiyot ekspertlari jasadni ko`zdan kechirmoqda. Erkakning soyaboniga yashin urilgani aniqlandi", — deyiladi xabarda.
Huquq-tartibot idoralari vakillarining so`zlariga ko`ra, erkakning tanasida kuyishlar va elektr izlari topilgan. Favqulodda hodisa joyida mutaxassislar ishlamoqda. Tekshiruv ishlari olib borilayotganini Moskva viloyati Tergov qo`mitasining Bosh tergov boshqarmasi ma`lum qildi.






