Eronning ommabop "Fars News" axborot agentligi "O`zbekiston vakili BMT Inson huquqlari qo`mitasiga a`zo bo`ldi" sarlavhali maqolani e`lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Mazkur maqolada qayd etilishicha, BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida 2025-2028 yillarga mo`ljallangan BMT Inson huquqlari qo`mitasiga O`zbekiston vakili Akmal Saidov a`zo mamlakatlar orasida eng ko`p ovoz to`plab saylangan.
"Uning saylovdagi hal qiluvchi g`alabasi O`zbekiston Prezidenti rahnamoligida fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar samarasi keng e`tirof etilganining yorqin ifodasidir. Ushbu asosiy organga O`zbekiston vakilining saylanishi, avvalambor, mamlakat prezidenti tomonidan inson huquqlari bo`yicha xalqaro tuzilmalar bilan konstruktiv muloqot o`rnatish bo`yicha ishlab chiqilgan pragmatik tashqi siyosat strategiyasining natijasidir" – deyiladi materialda.
Ta`kidlanishicha, Inson huquqlari qo`mitasi BMTning mustaqil ekspertlardan iborat organi bo`lib, a`zo davlatlar tomonidan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro paktning bajarilishini monitoring qiladi.
"Ushbu paktga 173 ta davlat a`zo. O`zbekiston ushbu xalqaro hujjatga 1995 yilda qo`shilgan. Qo`mita faoliyati insonning barcha fuqarolik va siyosiy huquqlari to`liq hurmat qilinishini ta`minlashga qaratilgan", – deb yozgan agentlik .






