AsosiyDunyo

Saudiya Arabistoni haj vaqti harorat keskin ko`tarilishidan ogohlantirdi

'Saudiya Arabistoni haj vaqti harorat keskin ko`tarilishidan ogohlantirdi'ning rasmi

Saudiya Arabistoni ziyoratchilarni haj vaqtida havo harorati o`rtacha 44 darajadan yuqori bo`lishidan ogohlantirdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

“Bu yilgi haj ziyoratida iqlim Makka va Madinada o`rtacha havo harorati me`yoridan 2 darajagacha oshishi kutilmoqda. Nisbiy namlik 25 foiz, yomg`ir darajasi nolga yaqin, o`rtacha maksimal harorat 44 daraja”, — deydi Saudiya Arabistonining Milliy meteorologiya markazi rahbari Ayman G`ulom.

Qirollik jazirama ta`sirini yumshatish choralarini ham ko`rmoqda, jumladan, kondisionerli chodirlar va tumanlash tizimlari shular jumlasidandir. Ayman G`ulom “harorat ko`tarilayotganda kunlik iste`molni qoplash uchun etarli suvga ehtiyoj borligini” aytmoqda. Ziyoratchilarga mo`ljallangan oziq-ovqatlar sifati buzilmasligi uchun ularni muzlatgichlarda tashish kerakligi ta`kidlangan.

Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, 2023 yili 1,8 million musulmon hajda qatnashgan, havo harorati 48 darajaga ko`tarilishi ortidan 2000 dan ortiq odam issiqlik stressidan aziyat chekkan. Issiqlik urishi, charchoq va toshmalarni o`z ichiga olgan issiqlik stressi holatlarining haqiqiy soni, ehtimol, ancha yuqori bo`lgan. Chunki ko`plab jabrlanuvchilar shifoxona yoki klinikalarga yotqizilmagan. Saudiya Arabistoni qurbonlar haqida statistik ma`lumot bermagan.

14 iyun kuni boshlanadigan haj ziyorati Islomning besh arkonidan biri bo`lib, imkoni bo`lgan barcha musulmonlar kamida bir marta ado etishlari shart.

    Boshqa yangiliklar