AsosiyDunyo

Janubiy Koreya prezidenti rafiqasi bilan O`zbekistonga tashrif buyuradi

'Janubiy Koreya prezidenti rafiqasi bilan O`zbekistonga tashrif buyuradi'ning rasmi

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol kelasi hafta Markaziy Osiyoning uchta davlati — Turkmaniston, Qozog`iston va O`zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Korea Times xabar berdi.

Koreya mintaqaning beshta davlati, jumladan Qirg`iziston va Tojikiston ishtiorkida “Koreya-Markaziy Osiyo” sammitini tashkil etish va 2025 yil Seulda uning yig`ilishini o`tkazishni rejalashtirmoqda. Sammit Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik uchun yangi platforma yaratishga qaratilgan “K-Silk Road” tashabbusi doirasida o`tkazilmoqda.

Qadimiy Ipak yo`lining markazi bo`lgan Markaziy Osiyo Evropa va Osiyoni bog`lovchi strategik nuqta sanaladi. Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqdagi mojaro kabi omillar ta`sirida global poliinqiroz kengaygani sari [uning] strategik ahamiyati yanada ortib bormoqda», — - dedi Janubiy Koreya etakchisining milliy xavfsizlik bo`yicha maslahatchisi birinchi o`rinbosari Kim Te Xe tashrifga izoh berib.

Tashabbusni amalga oshirish uchun Koreya prezidenti 10—15 iyun kunlari Turkmaniston, Qozog`iston va O`zbekistonga davlat tashrifi bilan boradi.

  • 10 iyun kuni u Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan sammit o`tkazadi, ertasi kuni esa ikki davlat kompaniyalari ishtirok etadigan biznes-forumda qatnashadi.
  • Koreya rahbari 11 iyun kuni Qozog`istonga tashrif buyurib, 12 iyun kuni prezident Qosim-Jo`mart To`qaev bilan sammit o`tkazadi. Davlat rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat kompaniyalari ishtirok etadigan biznes-forumda ishtirok etishni rejalashtirgan.
  • 13 iyun kuni siyosatchi O`zbekistonga keladi va prezident Shavkat Mirziyoev bilan uchrashadi, 14 iyun kuni esa biznes-forumda ishtirok etadi. Sayohatda unga rafiqasi Kim Keon-xi ham hamrohlik qiladi.

Koreya prezidenti administrasiyasining yuqori martabali vakili Markaziy Osiyo yosh, dinamik demografik tuzilishga egaligini ta`kidlagan.

“AQSh va Xitoy kabi global kuchlar mintaqa bilan aloqalarini mustahkamlashga intilmoqda. Biroq, bu mamlakatlar sarmoya va qo`llab-quvvatlash pozisiyasida ba`zan o`zlarini bosim ostida his qilishlari yoki ochiqchasiga aytganda, imperializmning yangi shakliga duchor bo`lishlari haqida xavotirlar mavjud”, — deyiladi xabarda.

Shu sababli Koreyaning yondashuvi ushbu davlatlar tomonidan olqishlanmoqda. Ularning Koreya bilan hamkorlik qilish istagi infratuzilma, sanoatni rivojlantirish, iqlim va raqamli sa`y-harakatlarni qamrab oladi.

Eslatib o`tamiz, 2023 yil 19 sentyabr kuni Nyu-York shahrida o`tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi sessiyasi doirasida O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Koreya prezidenti bilan uchrashib, unga davlat tashrifi bilan O`zbekistonga kelishni taklif etilgandi.

    Boshqa yangiliklar