Avvalroq Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi S.N. (ayol) kichik yoshdagi farzandini 2 yildan beri kaltaklab kelganligi yuzasidan S.N. ga nisbatan JKning 110-moddasi, "a,v" bandlari bilan jinoyat ishi ochilgani, so`ng tergov davomida ayblanuvchiga JKning 104 -moddasi bo`yicha (Qasddan badanga og`ir shikast etkazish) bilan aybdor deb topilib (Bolaga “o`ng son suyagining yuqori uchligi qismidan ko`ndalang yopiq sinib siljishi” kabi hayot uchun xavfli bo`lgan og`ir tan jarohati etkazilganligi) qo`shimcha ayb e`lon qilinib, bu jinoyat ishi sudga yuborilganligi to`g`risida xabar berilgan edi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Shofirkon tuman sudi ishni mazmunan ko`rib chiqib, joriy yilning 2-may kuni chiqarilgan sud hukmiga ko`ra S.N. JKning 104-moddasi 2-qismi, “v” bandi 3 yil ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar qildi.
Bugungi kunda Shofirkon tumani “Inson” ijtimoiy markazi tomonidan 2018 yilda tug`ilgan S.F. ga dastlabki tarzda vasiy sifatida B.Z. (ayol) tayinlanib, bola uning qaramog`iga topshirildi.
Hozirda vasiylik va homiylik organi tomonidan S.N. ni farzandiga nisbatan bo`lgan onalik huquqidan mahrum qilish masalasi bilan bog`liq tegishli choralar ko`rilmoqda.
Bolalar ombudsmani bolaning kelgusi taqdirini belgilash jarayonlari yuzasidan o`z kuzatuvini davom ettirmoqda.






