So`nggi kunlarda O`zbekistonda piyoz narxi tushib ketganligi, xususan, Surxondaryo viloyatida fermer xo`jaliklari va dehqonlar tomonidan etishtirilgan piyoz mahsuloti sotilmayotgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda aylanmoqda. Holat yuzasidan Qishloq xo`jaligi vazirligi munosabat bildirdi.
Hisob-kitoblarga ko`ra, viloyatda ertaki piyoz 2024 yil hosili uchun barcha toifa xo`jaliklarida jami 21,2 ming gektar er maydonlarida etishtirilgan bo`lib, 2023 yilga nisbatan 4,7 ming gektar yoki 128,5 foizga ko`p ekilgan.
May va iyun oylarida jami 650,5 ming tonna, o`tgan yilga nisbatan 256 ming tonna ko`p piyoz hosili olingan.
2024 yil aprel oyining 2 yarmidan boshlab piyoz hosilini yig`ib olish boshlandi va piyozning o`rtacha narxi dalada 2200 so`mni, chakana savdoda 3000 so`mni tashkil etdi.
Piyoz mahsulotining narxi asosan may oyining 2-yarmidan to hozirgi kunga qadar dehqon dalasida 500 so`mgacha, chakana savdoda o`rtacha 1400 so`mni tashkil etdi. Bunga asosiy ta`sir etgan omil mahsulotning pishiqchilik davriga to`g`ri kelganligida bo`lmoqda.
Yig`ishtirib olingan piyoz mahsulotlarini sifatli saqlash, qayta ishlash va ichki hamda tashqi bozorlarga yo`naltirish bo`yicha viloyatda jami 176 ta 108 ming tonna quvvatdagi saqlash sig`imlari, yillik ishlab chiqarish quvvati 168 ming tonna bo`lgan 24 ta meva-sabzavotni qayta ishlash korxonalari (shundan quvvati 33 ming tonna bo`lgan 6 ta korxonada quritish texnologiyalari mavjud bo`lib) faoliyat yuritib kelmoqda. Misol uchun Denov tumanida 2024 yil hosili uchun barcha toifa xo`jaliklarida 55 ming 876 tonnadan ziyod piyoz mahsulotlari olingan. Bu 2023 yil hosiliga nisbatan 10 ming tonna ko`p.
Ushbu tumanda piyoz mahsulotini saqlash uchun jami 36 ta 16 ming 900 tonna quvvatdagi, shundan 26 ta 9 ming 900 tonna sig`imga ega zamonaviy muzlatkich va 10 ta 7 ming tonna sig`imga ega oddiy omborxonalar mavjud.
Piyoz eksporti. Surxondaryo viloyati bo`yicha joriy yil yanvar-iyun oylari davomida respublikada faoliyat ko`rsatib kelayotgan eksportyorlar tomonidan 69,3 tonna yoki 17,8 mln dollarlik piyoz eksporti (2023 yilning shu davriga nisbatan 54 ming 635,5 tonnaga yoki 4.7 barobarga ko`p) amalga oshirilgan.
Piyoz mahsuloti asosan Rossiya, Ukraina, Latviya, Qozog`iston, Afg`oniston va boshqa davlatlarga bir kilogramm uchun o`rtacha 0,15-0,3 AQSh dollaridan eksport qilinmoqda.
O`zbekistondan import qilinayotgan ertaki piyozning birinchi partiyalari 18-19 maydan boshlab Qozog`istonga 0,16 dollardan etkazib berildi.
Piyoz narxi Ukraina bozorida ikki hafta oldingi 25-30 grivna/kg (0,64-0,75 doll)ga nisbatan 20-28 grivna/kg (0,50-0,70 doll)gacha arzonlashdi.
O`zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari hamda Ozarbayjondan piyoz etkazib berish hajmining ortishi, sifatli piyoz segmentida narxning pasayishiga olib kelmoqda hamda bozorda piyoz haddan ziyod ko`pligi kuzatilmoqda.
Yangi Qo`yliq dehqon bozori – “Food sity” savdo majmuasida 2024 yil 1 iyun holatiga piyozning o`rtacha narxi 1400 so`mni tashkil etgan.
Savdoni rivojlantirish. Ichki va tashki bozorlarga mahsulotlarni etkazib berish va birlamchi qayta ishlash bo`yicha viloyatning fermer va dehqon xo`jaliklarida hamda aholi tomorqalarida 2024 yil hosilidan etishtirilgan piyoz mahsulotini qabul qilish manzilgohlari tashkil etildi.
Hozirgi kunda “BLESS S.R” MChJ hamda "AGRO SUN ENERGY" MChJ tomonidan 5 ming tonna qiymati 2,7 mln dollarlik piyoz mahsulotlarini Rossiya davlatiga eksporti amalga oshirildi.
Shuningdek, viloyatda etishtirilgan piyoz mahsulotlarini katta hajmda "GOLD DRIED FRUITS EXPORT" MChJ tomonidan fermer va dehqon xo`jaliklaridan olish bo`yicha kelishuvga erishildi va tayyorlov ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Surxondaryo viloyatidagi tadbirkorlar tomonidan etishtirilgan piyoz mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarga etkazish yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali ko`plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Misol uchun Denov tumani Bobur mahallasida yashovchi fuqaro R. Tursunovning 1,5 gektar maydondagi 100 tonna, Navbahor mahallasida yashovchi fuqaro S.Bo`rievning 1 gektar maydondagi 75 tonna, R.Ashurovaning 0,15 gektar er maydonidagi 10 tonna, O.Tovoshorovaning 0,15 gektar er maydonidagi 8 tonna, S. Xalilovning 2.5 gektar maydondagi 180 tonna piyoz mahsulotlari eksportga va ichki bozorga yo`naltirilishida amaliy yordam berildi.
Bunda ulgurji savdo bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlar tomonidan dehqonning dalasidan piyozning kalibri va qadoqlanishidan kelib chiqib, 400-600 so`mdan sotib olmoqda.
Ushbu tadbirkorlarning piyoz mahsulotlari er maydonlaridan yig`ishtirib olingandan so`ng, eryong`oq va serhosil makkajo`xori ekinlari etishtirilishi belgilandi.






